Olmaota va Urganch o‘rtasida yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov ochilmoqda
Iyul 30, 2026. 11:30 • 2 daq
• 6OLMAOTA, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Qozog‘istonning “FlyArystan” aviakompaniyasi hamda yurtimizning “Arda Xiva” turistik tashkiloti hamkorligida yangi xalqaro “Olmaota–Urganch–Olmaota” aviayo‘nalishi taqdimotida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Xorazm viloyati Turizm boshqarmasi xodimlari, O‘zbekiston va Qozog‘istonning turoperatorlari hamda turistik agentliklari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, trevel-blogerlar va turizm sohasi mutaxassislari ham qatnashdi.
Taqdimot davomida Olmaota va Urganch shaharlari o‘rtasidagi yangi aviaqatnov imkoniyatlari, uning qulayliklari hamda Xorazm viloyatining turistik salohiyati namoyish etildi. “Arda Xiva” turistik majmuasi “FlyArystan” yo‘lovchilari uchun mehmonxonada yashash, ekskursiya xizmati va hududning tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylariga tashriflarni o‘z ichiga olgan maxsus turistik paketlarni taqdim qildi.
Uchrashuvda Urganchdan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan qadimiy Xiva shahriga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarga Xivaning tarixiy markazi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani va Markaziy Osiyoning eng noyob madaniy meros obyektlaridan biri ekani haqida atroflicha maʼlumot berildi.
“FlyArystan” aviakompaniyasi vakillari mazkur taqdimot “Arda Xiva” turistik majmuasi bilan ilgari imzolangan hamkorlik memorandumini amalga oshirishning navbatdagi bosqichi bo‘lib, u ikki mamlakatning turistik salohiyatini birgalikda targ‘ib qilishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, “Olmaota–Urganch–Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar 2026-yil 3-sentyabrdan boshlanib, haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bosh konsulxona vakillari yangi aviayo‘nalishning ochilishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, o‘zaro turistlar oqimini oshirish, ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kengaytirishga muhim hissa qo‘shishini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






