“Diplomatic Affairs”: O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik keng ko‘lamli strategik sheriklikka aylanmoqda

Iyul 30, 2026. 13:00 • 2 daq

34
“Diplomatic Affairs”: O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik keng ko‘lamli strategik sheriklikka aylanmoqda

ISLOMOBOD, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Diplomatic Affairs” nashrida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjonning ekologik diplomatiya doirasidagi hamkorligi sezilarli darajada faollashgani taʼkidlangan. 2023-yil dekabr oyida Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan “COP28” doirasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari vazirlari uchrashuvida resurslardan samarali foydalanish, barqaror rivojlanish va aylanma iqtisodiyot masalalari muhokama qilindi.

2024-yilda Bokuda o‘tkazilgan “COP29” konferensiyasi O‘zbekiston va Ozarbayjon ekologik hamkorligining muhim bosqichiga aylandi. Aynan O‘zbekiston milliy pavilyonida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar ekologiya vazirlarining tarixdagi ilk uchrashuvi o‘tkazildi. Yakunda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan deklaratsiya imzolandi.

Davlatlar o‘rtasidagi sheriklik kelishuvlari doirasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan “Muzliklardan fermer xo‘jaliklarigacha” mintaqaviy dasturi ishga tushirildi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokiston hududlarida muzliklarning erishi oqibatlarini yumshatish, suv resurslarini kompleks boshqarish hamda qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy infratuzilmaning barqarorligini taʼminlashga qaratilgan.

2023–2024-yillarda ozarbayjonlik yosh ekolog faollar Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro ekologik oromgohda faol ishtirok etdi. Ushbu loyiha yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni rivojlantirish, tajriba almashish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi ekologik hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun bir qator istiqbolli yo‘nalishlar mavjud. Xususan, Ozarbayjon havo sifati monitoringi va “yashil” infratuzilmani rivojlantirish borasida katta tajribaga ega. Shu sababli “yashil” urbanizatsiya, atmosfera havosi sifatini yaxshilash va ekologik monitoring tizimlari bo‘yicha tajriba almashish ikki tomon uchun ham foydali bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish