Katalin Novak: O‘zbekistonning yangi g‘oyalarga ochiqligi va turli qiyinchiliklarga moslashishi Yevropa sarmoyadorlarini o‘ziga jalb qilmoqda
Iyun 18, 2026. 17:00 • 2 daq
• 35
TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashgan Vengriyaning sobiq prezidenti Katalin Novak “Dunyo” AA muxbiriga forum haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Forum juda qizg‘in ravishda kechmoqda, bu yerda yoshlar va faol ishtirokchilar ko‘p. Forumda menga yoqayotgan jihat – bu yerda boshqalarni tinglashga bo‘lgan chinakam jonlanish va haqiqiy qiziqishning mavjudligidir. Buni juda muhim deb hisoblayman, chunki shunda, men kutganimdek, har bir kishi o‘zi bilan nimanidir – boshqalardan olingan to‘laqonli g‘oyalarni olib ketishi mumkin.
Panel muhokamalarda ayollarni oilaviy hayot va kasbiy faoliyat o‘rtasida tanlov qilishga majburlamaslik kerakligi haqida ta’kidladim. O‘ylaymanki, O‘zbekistondagi ko‘plab ayollar oila qurishni va ona bo‘lishni istaydi, biroq ayni paytda o‘z kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat qozonishni ham xohlasa, nega bu orzusidan voz kechishi kerak? Nazarimda, davlat ayollarga ana shu tanlov erkinligini his etadigan muhit yarata oladi.
O‘zbekiston ham o‘zbek ayollarining ulkan salohiyatga ega ekanini anglab yetganini juda yuqori baholayman. Agar O‘zbekiston mehnat bozorida ayollar ishtirokining ulushiga e’tibor qaratilsa, salohiyat qanchalik katta ekanini ko‘rish mumkin. Bu borada hali ishlanadigan jihatlar ko‘p. O‘ylaymanki, mamlakat hukumati bu zaruratni allaqachon anglagan.
Shuningdek, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi iqtisodiy o‘sishiga nazar tashlasak, bu borada ham salohiyat juda katta. Bu kishida yorqin taassurot qoldiradi va xorijiy sarmoyalar uchun juda jozibadordir. Shu bois, O‘zbekistonga Yevropa sarmoyalari yanada ko‘proq kirib kelishiga juda umid qilaman. Bu, aslida, sizning ham, bizning ham asosiy maqsadimizdir.
O‘ylaymanki, O‘zbekistonning yangi g‘oyalarga ochiqligi va turli qiyinchiliklarga moslashishga tayyorligi Yevropa sarmoyadorlari uchun eng jozibali jihatdir. Qolaversa, O‘zbekistonning yosh avlodi juda raqobatbardosh. Bu bizga Yevropada va Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida ham yetishmayotgan narsadir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi