O‘zbekiston diplomatlari va tadqiqotchilari Shvetsiya va Daniyada Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar
May 10, 2026. 12:25 • 2 daq
• 41STOKGOLM, 10-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari va tadqiqotchilaridan iborat delegatsiya Shvetsiya va Daniya davlatlariga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibi Tashqi ishlar vazirligi hamda qator oliy taʼlim muassasalari – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent xalqaro Nordik universiteti, Gumanitar fanlar universiteti hamda boshqa oliygohlar vakillaridan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Lund universitetida yangi tadqiqot va amaliy loyiha – NORCA (Markaziy Osiyo – Nordik tadqiqot tarmog‘i)ning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etdi.
Tadbir Lund universiteti, Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi va Daniya Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Stokgolmdagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Seminarda ishtirokchilar Yevroosiyoning Markaziy Osiyo va Nordik mintaqalarini hozirgi zamon sharoitida yana-da yaqinlashtirish yo‘llarini muhokama qildi. Bu jarayonda ham gorizontal (xalq diplomatiyasi va biznes darajasida), ham vertikal (siyosiy va institutsional muloqot) aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Zokir Saidov Nordik mamlakatlari diplomatik va ekspert doiralarini Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi bilan tanishtirdi. Ushbu bosqich O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati joriy etilganidan so‘ng boshlangani taʼkidlandi.
Kopengagen shahridagi Shimoliy kengash kotibiyatiga tashrif davomida Shimoliy kengash (Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, Finlyandiya va Islandiya) mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikning shakllanishi va rivojlanish xususiyatlari bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik va integratsiya sohasida tajriba almashish bo‘yicha aloqalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston diplomatlari va ekspertlarining Skandinaviyaga tashrifi Daniya Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan muzokaralar bilan yakunlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





