Diplomatlar o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun AQShda yangi hamkorlar va investitsiya imkoniyatlarini topishda ko‘maklashmoqda

Noyabr 05, 2026. 08:10 • 2 daq

• 72
Diplomatlar o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun AQShda yangi hamkorlar va investitsiya imkoniyatlarini topishda ko‘maklashmoqda
Diplomatlar o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun AQShda yangi hamkorlar va investitsiya imkoniyatlarini topishda ko‘maklashmoqda
Diplomatlar o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun AQShda yangi hamkorlar va investitsiya imkoniyatlarini topishda ko‘maklashmoqda

VASHINGTON, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida mamlakatimizda yangi tashkil etilgan “Business Diplomat” tadbirkorlar uyushmasi delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan kimyo sanoati, chiqindilarni qayta ishlash, uy-joy qurilishi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish va savdosi, bank-moliya xizmatlari, investitsiyalar hamda intellektual mulk sohalarida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘rin oldi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning jadal rivojlanish sur’atlari, ikki tomonlama savdo va investitsiya aloqalarida kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda ularning mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tobora mustahkamlashga ta’siri yuzasidan delegatsiya a’zolariga atroflicha ma’lumot berildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistondan AQShga eksport qilinadigan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish, yangi eksport yo‘nalishlari va o‘sish nuqtalarini aniqlash, mahalliy mahsulotlarni Amerika bozoriga olib chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

AQShdan O‘zbekistonga yuqori texnologiyalar, zamonaviy xizmatlar va milliy iqtisodiyot tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni jalb qilish, ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, kaustik soda ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash, uy-joy va tijorat obyektlari qurilishi, qurilish materiallari savdosi, bank-moliya xizmatlari, portfel investitsiyalari, intellektual mulk hamda biznes faoliyatining qonunchilik va tartibga solish talablariga muvofiqligini ta’minlash yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tadbirkorlarga Amerika bozorida faoliyat yuritish, salohiyatli hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, investitsiya loyihalarini ilgari surish va mahalliy qonunchilik talablariga rioya qilishning amaliy tartib-taomillari yuzasidan tavsiyalar berildi.

Elchixona ko‘magida delegatsiya a’zolari uchun Amerika–O‘zbekiston savdo palatasi, AQSh Savdo vazirligi, Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC), “White & Case” xalqaro yuridik firmasi hamda Amerikada doimiy faoliyat yuritayotgan vatandosh tadbirkorlar bilan B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tadbir so‘nggida “Business Diplomat” uyushmasi bilan hamkorlikni davom ettirish, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning AQSh bozoridagi faoliyatini kengaytirish va yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish