Osaka ishbilarmon doiralarining biznes missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Noyabr 04, 2026. 16:00 • 2 daq

• 104
Osaka ishbilarmon doiralarining biznes missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi

TOKIO, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi diplomatlari Osaka shahriga tashrifi doirasida shahar Savdo-sanoat palatasi (OCCI) Xalqaro ishlar departamenti direktori Nobuyuki Ishii bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Osaka prefekturasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, yapon kompaniyalarini yurtimizdagi investitsiya loyihalariga jalb etish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Nobuyuki Ishii O‘zbekistonning 2025-yilda Osaka shahrida o‘tkazilgan EXPO xalqaro ko‘rgazmasidagi ishtiroki mamlakatimizning Yaponiyadagi imijini oshirishga xizmat qilganini ta’kidladi.

Joriy yilning 8-sentabr kuni elchixona, OCCI va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan biznes-forumning ahamiyati qayd etildi. Mazkur tadbir yapon kompaniyalarini O‘zbekistonning ishlab chiqarish va investitsiyaviy imkoniyatlari bilan tanishtirish, tadbirkorlar o‘rtasida B2B formatidagi muzokaralarni tashkil etishga xizmat qilgan.

Uchrashuvda kimyo sanoati, kritik minerallar, axborot texnologiyalari, turizm va mehmonxona infratuzilmasi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Yapon kompaniyalarining O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish, malakali kadrlar salohiyatidan foydalanish va yangi biznes loyihalarini amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishiga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar chog‘ida 2027-yilda Osaka shahrida O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-seminarlar o‘tkazish, to‘qimachilik mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish hamda yapon kompaniyalariga mamlakatimizning ustuvor tarmoqlaridagi imkoniyatlarni taqdim etish masalalari muhokama qilindi. OCCI ushbu tadbirlarni tashkil etishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Yapon kompaniyalarining qiziqishini o‘rganish va ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2027-yilda Osaka ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Safar doirasida davlat idoralari va mahalliy korxonalar bilan uchrashuvlar, ishlab chiqarish obyektlariga tashriflar hamda B2B shaklidagi muzokaralar o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Osaka prefekturasi Yaponiyaning Tokiodan keyingi ikkinchi yirik iqtisodiy markazi hisoblanadi. 2025-yilda hududning nominal yalpi hududiy mahsuloti 281,9 milliard AQSh dollarini tashkil etib, yillik 4,3 foiz o‘sish qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish