Moskvada Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Noyabr 04, 2026. 19:30 • 2 daq
• 7MOSKVA, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Botir Asadov 2–8-noyabr kunlari Moskvada o‘tkazilayotgan “Rossiya xalqlari” xalqaro haftaligi doirasida tashkil etilgan “Xalqaro madaniy-gumanitar hamkorlik formatlari, ishtirokchilari va istiqbollari” mavzusidagi panel sessiyasida qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Munozarani Rossiya Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy olib bordi. Asosiy ishtirokchilar qatorida MDHga a’zo davlatlarning Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo jamg‘armasi ijrochi direktori Anatoliy Iksanov, Kino jamg‘armasi rahbari Fyodor Sosnov, Gorchakov jamg‘armasi boshlig‘i Leonid Drachevskiy va Qozog‘iston elchisi Dauren Abayevlar ham qatnashdi.
Botir Asadov gumanitar sohadagi O‘zbekiston–Rossiya hamkorligi holati va istiqbollariga to‘xtalib, uning ko‘p qirrali va barqaror xususiyatga ega ekanini ta’kidladi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, fan, madaniyat va san’at sohalaridagi o‘zaro hamkorlik izchil kengayib borayotganini e’tirof qildi. Shuningdek, madaniyatlararo aloqalar mustahkamlanib, xalqlarimizning mushtarak tarixiy va ma’naviy qadriyatlari asrab-avaylanayotganini qayd etdi.
Elchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, ilmiy-tadqiqot loyihalari, sog‘liqni saqlash, turizm va yoshlar siyosati sohalaridagi o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratdi.
Diplomat O‘zbekiston tomoni gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ikki mamlakat manfaatlariga mos keladigan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Mixail Shvidkoy O‘zbekistonning madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishdagi muhim o‘rni xususida so‘z yuritdi. U Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilgani va Samarqandda Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi barpo etilgani, ularning islom olami tarixiy-madaniy va ma’naviy merosini asrab-avaylash, o‘rganish hamda ommalashtirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Munozara yakunida Mixail Shvidkoy bunday uchrashuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar sohada yangi qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



