O‘zbekistonlik talabalar Londondagi nufuzli bank faoliyati bilan tanishdi

Iyun 21, 2026. 13:30 • 2 daq

84
O‘zbekistonlik talabalar Londondagi nufuzli bank faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekistonlik talabalar Londondagi nufuzli bank faoliyati bilan tanishdi

LONDON, 21-iyun /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning bilimini oshirish, ularni xalqaro mehnat bozori talablari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“ICBC Standard Bank” bosh qarorgohida o‘tkazilgan tadbir mamlakatimizning Londondagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Tadbirda Buyuk Britaniyadagi “O‘zbekiston talabalari uyushmasi”ning turli universitetlarda tahsil olayotgan bir guruh talabalari ishtirok etdi.

Bankning mas’ul xodimlari yoshlarni “ICBC Standard Bank”ning moliya bozoridagi o‘rni, asosiy faoliyat yo‘nalishlari va rivojlanish strategiyasi bilan tanishtirdi. Bankning O‘zbekiston va MDH mamlakatlari bilan amalga oshirayotgan hamkorlik loyihalari, investitsiya va moliyalashtirish dasturlari haqida ma’lumot berildi. Bu talabalarga xalqaro moliya muassasalarining iqtisodiy jarayonlardagi o‘rnini yaxshiroq anglash imkonini yaratdi.

Mutaxassislar xalqaro moliya muassasalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, amaliyot o‘tash dasturlari hamda karyera imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, mehnat bozorida raqobatbardosh kadr bo‘lish uchun talabalar o‘z ustida doimiy ishlashi, zamonaviy texnologiyalar va chet tillarini chuqur o‘zlashtirishi muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida ishtirokchilar bank tizimi, moliyaviy xizmatlar, investitsiya faoliyati va fond bozorlarining ishlash mexanizmlari haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Bank vakillari moliya sohasidagi so‘nggi tendensiyalar, raqamli texnologiyalarning ahamiyati hamda global iqtisodiyotda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida ham fikr bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish