Yaponiya xalqaro munosabatlar instituti prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazildi
Iyun 21, 2026. 15:30 • 2 daq
• 97
TOKIO, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiya xalqaro munosabatlar instituti (JIIA) prezidenti Ken’ichiro Sasae bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlar hamda ekspert-taxliliy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Ken’ichiro Sasae O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini ta’kidlab, mamlakatning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashdagi muhim o‘rnini alohida qayd etdi.
U shuningdek, Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada faol rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanini bildirdi.
Tomonlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formati doirasida hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakatning tahliliy va tadqiqot markazlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha JIIA va O‘zbekistonning yetakchi tahliliy markazlari o‘rtasida aloqalarni faollashtirish, qo‘shma tadqiqotlar va nashrlar tayyorlash imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, ekspertlar ishtirokida muntazam davra suhbatlari va konferensiyalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
JIIA prezidenti joriy yil davomida O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatini bildirdi hamda ekspert-taxliliy muloqot va hamkorlikni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi