Rossiyaning Primorye o‘lkasidagi koloniyada saqlanayotgan vatandoshlar holati o‘rganildi
Aprel 09, 2026. 17:42 • 2 daq
• 48
VLADIVOSTOK, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning Primorye o‘lkasida joylashgan jazoni ijro etish muassasasiga tashrif buyurib, ushbu muassasada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan konsullik uchrashuvi o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur koloniya ayollar uchun mo‘ljallangan umumiy tartibdagi jazoni ijro etish muassasasi hisoblanadi. U yerda hozirda 800 nafar mahkum jazo o‘tamoqda, shundan 95 nafari xorijiy fuqarolardir. Ular orasida 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor.
Uchrashuvning asosiy maqsadi – vatandoshlarimizning umumiy holati, saqlanish sharoiti va sog‘lig‘i bilan yaqindan tanishish, ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, chet eldagi harbiy tuzilmalarga jalb etilishining oldini olish masalalarini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.
Suhbat chog‘ida mahkumalarning yashash sharoiti, tibbiy holati va huquqiy masalalari o‘rganildi. Ularga amaldagi qonunchilik, huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Konsullik xodimlari hamyurtlarga chet davlatlardagi harbiy harakatlarda ishtirok etish O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini ham alohida tushuntirib o‘tdi.
Muloqot davomida mahkumalar o‘zlarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish, yaʼni jazoni Vatanda davom ettirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘rashdi. Biroq ayni paytda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida bu masalani tartibga soluvchi huquqiy asos mavjud emasligi qayd etildi.
Tashrif chog‘ida yana bir muhim masala ham hal etildi. Yurtdoshimiz nomidan uning voyaga yetmagan farzandiga vaqtinchalik vasiylikni rasmiylashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbir amalga oshirildi. Bu bolani maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish uchun zarur hisoblanadi. Tegishli hujjatlar yaqin kunlarda O‘zbekistondagi qarindoshlariga yuboriladi.
Uchrashuv yakunida fuqarolarga, agar ularning huquqlari buzilsa yoki turli muammolar yuzaga kelsa, darhol O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilishi mumkinligi maʼlum qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi