O‘zbekiston elchisi Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal hududida mehnat migratsiyasi va taʼlim sohasi bilan tanishdi
Aprel 03, 2026. 08:10 • 2 daq
• 201
XALLE, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Saksoniya-Anxalt federal hududida joylashgan Xalle shahrida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida shahar rahbariyati bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazildi, ushbu hududda mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan va malaka oshirayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Safar davomida elchi Xalle shahri oberburgomistri Aleksandr Fogt, O‘zbekistonning Germaniyadagi Quyi Saksoniya va Saksoniya-Anxalt federal o‘lkalari bo‘yicha faxriy konsuli, “GP Günter Papenburg AG” kompaniyasi boshqaruvi aʼzosi Angela Papenburg bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda gumanitar hamkorlikni hududlar darajasida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish, Germaniyaning ilg‘or dual taʼlim tizimi asosida o‘zbekistonlik yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish hamda madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, global mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston fuqarolarini nemis tili va zamonaviy kasblarga o‘qitish jarayonlarini jadallashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Diplomatlar shahardagi korxona va taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan uchrashib, ularning yashash va mehnat sharoitlari, taʼlim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Vatandoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot davomida elchi mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar va erishilayotgan natijalar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Uchrashuvda ishtirokchilarni qiziqtirgan ijtimoiy-huquqiy masalalar yuzasidan ham tegishli tushuntirish va amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Muloqot chog‘ida faxriy konsul Angela Papenburg o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va ularning oila aʼzolarini Germaniya jamiyatiga tezroq moslashtirishga qaratilgan maxsus til kurslari hamda ijtimoiy loyihalar haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus nafaqat til o‘rganish, balki o‘zaro muloqotni rivojlantirish, maslahat berish va oilalarni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi