Logo

Ona Vatan va milliy qadriyatlarni sog‘ingan dillar Anqarada birlashdi

Aprel 05, 2026. 15:00 • 2 daq

491
Ona Vatan va milliy qadriyatlarni sog‘ingan dillar Anqarada birlashdi

ANQARA, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Kecha Anqara shahrining Kechioren tumanidagi “O‘zbek Sofrasi” restoranida Elchixona hamda “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash” jamiyati hamkorligida Navro‘z bayrami munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – Turkiyada mehnat qilayotgan hamyurtlarning Vatan, oila, milliy qadriyatlarga bo‘lgan ezgu qarashlarini yuksaltirish, o‘zbek milliy madaniyati, urf-odat va anʼanalarini targ‘ib qilish, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda Turkiyaning turli hududlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan 160 nafardan ortiq yurtdoshlar ishtirok etdi.

Dastur doirasida milliy kuy-qo‘shiqlar, laparlar ijro etildi, doshqozonda anʼanaviy sumalak tayyorlandi va o‘zbek milliy oshi pishirilib, ishtirokchilarga tortiq etildi. O‘zbekistondan tashrif buyurgan sanʼatkorlar ishtirokida jonli musiqiy chiqishlar tashkil qilinib, ishtirokchilar tomonidan milliy raqslar ijro etildi. Bayram davomida barcha ishtirokchilar jo‘r ovozda qo‘shiqlar kuylab, bayramona muhitni yana-da ko‘tarinki qildi.

Tadbirni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida “TRT Avaz” telekanali muxbirlari ham jalb etildi. Maʼlum qilinishicha, tadbir jarayonida namoyish etilgan milliy raqslar joriy yil may oyida efirga uzatiladigan “Oynamayan Kalmasın” teledasturida namoyish qilinishi rejalashtirilgan.

Tadbir doirasida fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiynab kelayotgan muammolar muhokama qilinib, konsullik xizmatlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.

Ishtirokchilar bu kabi tadbirlar xorijda yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasida milliy birlikni mustahkamlash, ularning maʼnaviy ruhini ko‘tarish hamda o‘zbek milliy madaniyatini targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

So‘zga chiqqanlar, bunday tadbirlar davlat tomonidan chet eldagi vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekanini qayd etib, ular milliy o‘zlikni saqlash va mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Kelgusida ham shunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish, madaniy dasturlarni yana-da boyitish va milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish zarurligi bildirildi.

Tadbir yakunida Elchixona vakillari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, mehnat migrantlari va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda vatandoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish