Chet el fuqarolarini vaqtinchalik saqlash markazida bo‘lib turgan vatandoshlar holidan xabar olindi
Mart 09, 2026. 15:31 • 2 daq
• 26
VLADIVOSTOK, 9-mart. /“Dunyo” AA/. Rossiya Ichki ishlar vazirligining Xabarovsk o‘lkasidagi Chet el fuqarolarini vaqtinchalik saqlash markazida saqlab kelinayotgan 24 nafar O‘zbekiston fuqarolari bilan konsullik uchrashuvi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Markaz rahbariyati diplomatlarimizni muassasada vaqtincha ushlab turiladigan fuqarolar uchun yaratib berilgan sharoitlar, yaʼni, turar-joy, umumiy ovqatlanish va madaniy xordiq chiqarish xonalari bilan tanishtirib chiqdi.
Shundan so‘ng, markazda vaqtincha ushlab turilgan hamyurtlarimiz holidan xabar olinib, ularning muammo va kamchiliklari o‘rganildi. Vatandoshlarimizning oziq-ovqat bo‘yicha bildirgan eʼtirozlar markaz rahbariyatiga tegishli takliflar bilan yetkazildi.
Hamyurtlarimizga Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan ziddiyatlarga aralashmaslik, chet el davlati harbiy xizmatiga yollangan taqdirda, ular O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qolgani sababli qo‘lga olinib, sud qaroriga asosan Rossiyadan deportatsiya qilinishi belgilangan fuqarolarimizga, davlat bojlaridan ozod qilingan holda Bosh konsulxona tomonidan rasmiylashtirilgan O‘zbekistonga qaytish guvohnomalari berildi.
Uchrashuv so‘nggida, markaz rahbariyati bilan Bosh konsulxona xodimlari hamkorligida fuqarolar o‘rtasida tushuntiruv-profilaktik ishlarini olib borish, ularni O‘zbekistonga o‘z vaqtida yuborish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi