Misr va O‘zbekiston o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda
Mart 09, 2026. 13:13 • 3 daq
• 4QOHIRA, 8-mart. /“Dunyo” AA/. Misrning “MENA” va “Al-Youm as-Sabi” yetakchi axborot agentliklariga O‘zbekiston elchisi Mansurbek Kilichev intervyu berib, Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mansurbek Kilichevning taʼkidlashicha, Misrning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, insonparvarlik yordamlarini yetkazib berishni yengillashtirish va yana-da keskinlashuvning oldini olishga qaratilgan diplomatik tashabbuslari muhim ahamiyatga ega. Misrning konstruktiv ishtiroki mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash va tinch aholi hayotini himoya qilishga katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston doimo muloqotni, keskinlikni kamaytirishni va xalqaro huquq hamda BMTning tegishli qarorlariga asoslangan holda barcha tomonlar uchun barqaror tinchlik va xavfsizlikni taʼminlaydigan har tomonlama siyosiy yechim topilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot o‘zaro hurmat, konstruktiv hamkorlik va eng yuqori darajadagi aloqalar bilan ajralib turadi.
“Misr bilan munosabatlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil fevral oyida Qohiraga amalga oshirgan tarixiy tashrifidan so‘ng yangi dinamik bosqichga kirdi. Yuqori darajadagi muloqotlar davom etmoqda. Jumladan, 2025-yilda Moskvada Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar doirasida Prezident Abdulfattoh as-Sisi Mirziyoyev bilan uchrashdi”, deydi elchi.
Intervyuda yozilishicha, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari va yuqori lavozimli rasmiylari o‘rtasida yaqin muloqot saqlanib qolmoqda. Parlament diplomatiyasi ham sezilarli darajada kengaydi: ikki parlament raisi o‘zaro tashriflar amalga oshirdi va parlamentlararo do‘stlik guruhlari tashkil etildi.
Kelgusi davrda turli darajalardagi tashriflar, jumladan vazirlar delegatsiyalari va savdo missiyalari almashinuvi yana-da ko‘payishi kutilmoqda. Bu esa Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlaydi. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda va 2025-yilda 47 million dollardan oshdi.
Agentlikdagi materialda qayd etilishicha, Misr O‘zbekistonga sitrus mevalari, dori-darmonlar, elektr jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari va turizm xizmatlarini eksport qiladi. O‘zbekiston esa Misrga to‘qimachilik mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy tovarlar hamda taʼlim va turizm kabi xizmatlarni yetkazib beradi. Har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirmoqda. Dori-darmon, to‘qimachilik, oziq-ovqat ishlab chiqarish va qurilish sohalarida bir qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilgan.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri transport va logistika sohasidir. Bu, ayniqsa, Misrning Sues kanali orqali strategik joylashuvi va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim markaz sifatidagi roli bilan bog‘liq. Uning fikricha, ikki mamlakat o‘rtasida hali ishga solinmagan katta iqtisodiy imkoniyatlar mavjud.
“38 milliondan ortiq aholiga ega va tez surʼatlarda rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega bo‘lgan O‘zbekiston energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida katta imkoniyatlar yaratadi. Misr esa Afrika va arab dunyosidagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri sifatida 110 milliondan ortiq isteʼmolchidan iborat bozorga chiqish imkonini beradi hamda Afrika va Yaqin Sharq bozorlariga darvoza vazifasini o‘taydi”, deya fikr bildirgan Mansurbek Kilichev.
Kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sanoat hamkorligi, farmatsevtika va tibbiy uskunalar ishlab chiqarish, agrotexnologiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, qayta tiklanuvchi energiya loyihalari, to‘qimachilik klasterlari va paxtani qayta ishlash sohalarini qamrab oladi.
Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasida bojxona to‘lovlarini kamaytirish va nobojxona to‘siqlarini bartaraf etishga qaratilgan imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu bitim imzolanganidan so‘ng ikki tomonlama savdoni sezilarli darajada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

