Urganchda qurilish sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Niderlandiya qo‘shma o‘quv markazi ochiladi
Mart 08, 2026. 09:10 • 2 daq
• 220AMSTERDAM, 8-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov (qarorgohi Bryussel shahrida) Niderlandiyaning “MMBS Groep” kompaniyasi rahbari va “Bouwmensen Amsterdam” taʼlim markazi menejeri bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Unda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni mustahkamlash, viza tartib-taomillarini soddalashtirish hamda O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi dasturlarini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Niderlandiya tomoni O‘zbekistonning malakali kadrlar yetishtirib berishda ishonchli hamkor ekanini alohida eʼtirof etdi.
“MMBS Groep” vakilining maʼlum qilishicha, hozirda 40 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis 2500 yevro maosh bilan ishga joylashtirilgan. Shu bilan birga, kompaniya kelgusida yana taxminan 6 ming kishini ishga olishni rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar natijasida tomonlar Urganch shahrida qurilish sohasi bo‘yicha birinchi o‘quv markazini ochish, keyinchalik santexnika, elektrika va boshqa yo‘nalishlarda ham mutaxassislar tayyorlash markazlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida diplomatlarimiz “MMBS Groep” kompaniyasida faoliyat yuritadigan vatandoshlarimizning mehnat va yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


