O‘zbekiston diplomatlari Rossiyaning Tula viloyatidagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Mart 20, 2026. 13:44 • 2 daq
• 14
TULA, 20-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Rossiyaning Tula viloyatida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida elchi Botirjon Asadov va diplomatik missiya vakillari viloyatdagi yirik qurilish korxonalarida bo‘lib, vatandoshlar bilan bevosita muloqot qildilar.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda elchi yurtdoshlarimizning takliflari va duch kelayotgan muammolarini tingladi. Vatandoshlar tomonidan berilgan mehnat sharoitlari, huquqiy masalalar va konsullik xizmatlari faoliyatiga oid savollarga batafsil javoblar berildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida fuqarolarning yashash sharoitlari ko‘zdan kechirildi. Diplomatlar tomonidan migrantlarni O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitish va ularni yuqori rivojlangan davlatlarga xavfsiz hamda tartibli yuborish mexanizmlari haqida tushuntirishlar berildi.
Elchixona vakillari vatandoshlarimizni qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga qat’iy rioya qilishga chaqirib, har qanday huquqiy muammo yuzaga kelganda diplomatik vakolatxona zaruriy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidladilar.
Bu kabi manzilli uchrashuvlar Rossiya hududida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi