Logo

Xitoy OAV: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — global chaqiriqlarga ma’rifiy javob

Mart 20, 2026. 12:18 • 2 daq

50
Xitoy OAV: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — global chaqiriqlarga ma’rifiy javob

PEKIN, 20-mart. /“Dunyo” AA/. Xitoyning mashhur “Diplomat” va “Travel&Leisure”, “VICTWO” nashrlari sahifalarida “Islom sivilizatsiyasi markazi: jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan megaloyiha” sarlavhali maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolalarda ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki infratuzilma obyekti emas, balki O‘zbekiston yetakchisining zamonaviy global chaqiriqlarga nisbatan anglangan sivilizatsiyaviy javobidir. Islom olami tarixida ilk bor sivilizatsiyalar o‘rtasidagi haqiqiy muloqot uchun bu qadar keng ko‘lamli doimiy platforma yaratildi.

Xitoy nashrlarining yozishicha, O‘zbekiston islom dini va islom sivilizatsiyasi haqidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi deklaratsiyalar bilan emas, balki jahon darajasidagi real intellektual makon yaratish orqali kurashishdek tarixiy va ma’naviy missiyani o‘z zimmasiga oldi.

Qayd etilishicha, Markaz o‘z vaqtida ilm-fan rivojini belgilab bergan Bag‘doddagi “Bayt al-hikma”, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi va Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi kabi zamonaviy dunyoning intellektual o‘zagiga aylanmoqda.

Xitoylik ekspertlar Markaz konsepsiyasi an’anaviy muzeylardan farq qilishini alohida qayd etganlar. Prezident tomonidan ilgari surilgan “Sivilizatsiya – Shaxslar – Kashfiyotlar” tamoyili asosida yaratilgan ekspozitsiya tashrif buyuruvchini intellektual innovatsiyalar muhitiga olib kiradi. Bu yerda Islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Uchinchi Renessans poydevori bo‘lgan Yangi O‘zbekiston davrlari xronologik tartibda aks etgan.

“Bu XXI asrning yangi tipidagi sivilizatsiya institutidir. Bu yerda tarixiy bilimlar raqamli texnologiyalar bilan tutashadi, qo‘lyozmalar global raqamli manbalarga aylanadi, muzey esa ilmiy laboratoriya qiyofasini kasb etadi”, — deya xulosa qiladi Xitoy OAV.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish