Sankt-Peterburgda o‘zbek dizayneri kolleksiyasi katta qiziqish bilan qarshi olindi
Avgust 21, 2026. 09:00 • 2 daq
• 122SANKT-PETERBURG, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “MODAM Fashion Weekend” xalqaro moda haftaligining yangi mavsumida vatandoshimiz Mohinur Kamolova “Humo” nomli mualliflik kolleksiyasi bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mohinur Kamolova Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universitetining 1-bosqich magistranti hisoblanadi. U kasbiy faoliyatini Sankt-Peterburg shahridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakili hamda Leningrad viloyati “Do‘stlik uyi” loyihalari ishtirokchisi sifatidagi faol jamoatchilik ishlari bilan muvaffaqiyatli davom ettirib kelmoqda.
Afsonaviy Humo qushi obrazidan ilhomlangan kolleksiya konsepsiyasi YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi sifatida eʼtirof etilgan milliy “ikat” gazlamalari, qo‘l mehnati, shisha munchoqlar va tabiiy parlar uyg‘unligiga asoslangan.
O‘zbek dizaynerining taqdimoti Rossiya auditoriyasida katta qiziqish uyg‘otdi va yuqori baholandi. Namoyish yakunlari ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi ixtisoslashgan fashion jamoatchiligi tomonidan keng yoritildi.
“MODAM Fashion Weekend” – moda, go‘zallik va sanʼat sohalarini birlashtiruvchi xalqaro tadbir hisoblanadi. Haftalikda Rossiyaning mashhur dizaynerlari (Stas Lopatkin, Olga Bolsheva, “KOGEL” moda uyi) bilan bir qatorda, Fransiya, O‘zbekiston va Qozog‘istondan kelgan mutaxassislar o‘z ijodiy ishlarini taqdim etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



