O‘zbekiston diplomatlari Germaniyaning Rust shahrida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
Avgust 10, 2026. 18:00 • 2 daq
• 131FRANKFURT-MAYN, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Yevropaning eng yirik tematik istirohat bog‘laridan biri — Rust shahrida joylashgan “Europa-Park”da mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Bosh konsulxona vakillari O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashib, ularning yashash va mehnat qilish sharoitlari bilan tanishdilar, shuningdek, vatandoshlarimiz uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan keng doiradagi masalalarni muhokama qildilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, ularning huquqiy himoyasi, Germaniya qonunchiligi talablariga amal qilinishi, shuningdek, mehnat munosabatlari va ijtimoiy taʼminot masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘tkazilgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri fuqarolarni konsullik hisobiga qo‘yishni tashkil etish bo‘ldi. Vatandoshlarga vaqtinchalik konsullik hisobiga qo‘yish tartibi, yashash manzili, aloqa maʼlumotlari hamda boshqa shaxsiy maʼlumotlarni o‘z vaqtida va dolzarb holda taqdim etishning ahamiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv doirasida fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va almashtirish, konsullik xizmatlaridan foydalanish, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, shuningdek, huquqiy, ijtimoiy yoki boshqa muammolar yuzaga kelgan taqdirda Bosh konsulxonaga murojaat qilish tartibi bo‘yicha ham zarur maslahatlar berildi.
O‘zbekiston fuqarolarining xorijda xavfsiz bo‘lishini taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Vatandoshlarga bo‘lib turgan davlat qonunchiligiga rioya qilish, tuzilayotgan mehnat shartnomalari shartlariga eʼtibor bilan yondashish, zarur hujjatlarni saqlash hamda muammoli vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda o‘z vaqtida konsullik maslahati va yordami uchun murojaat qilish tavsiya etildi.
Bosh konsulxona vakillari fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan savollarga javob berib, zarur tushuntirish va tavsiyalarni taqdim etdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


