O‘zbekiston Prezidenti: Har bir insonga alohida yondashib, uning imkoniyatlarini yaxshi bilishimiz, shundan kelib chiqib, munosib ish topib berishimiz kerak
Avgust 20, 2026. 20:05 • 5 daq
• 4
TOSHKENT, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xorazm viloyati misolida mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisining Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida hududni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha qator topshiriqlar berilgan edi.
Taqdimotda ushbu topshiriqlar ijrosini har bir mahalla kesimida taʼminlash, mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalar va barqaror ish o‘rinlariga aylantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan rejalar ko‘rib chiqildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 162 ming nafar aholining daromadi oshirildi, 29 ming kishi doimiy ishga joylashtirilib, 37 ming nafar fuqaroning norasmiy bandligi qonuniylashtirildi.
Kam taʼminlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash doirasida 28,9 mingta oiladagi 126,6 ming nafar aholiga 40 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, 12,4 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi, 23,6 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 3,3 ming kishiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilib, 1,1 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.
Natijada yil boshidan “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan 29 mingta oiladagi 127 ming nafar aholining rasmiy daromadi va moddiy ahvoli yaxshilandi. Ushbu oilalar kambag‘allikdan chiqarildi. Viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 6,7 foizdan 3,9 foizga pasaydi.
Ayni paytda viloyatda 39 ming nafar ishsiz fuqaro bor, 102 ming kishi mehnat migratsiyasida.
Bandlik sohasidagi asosiy masalalardan biri mavjud vakansiyalar bilan ish izlovchilarning kasbiy tayyorgarligi o‘rtasidagi tafovut ekani qayd etildi. Ayni paytda 50 mingdan ziyod vakansiya mavjud bo‘lsa-da, zarur malakaga ega kadrlar yetishmasligi sababli ularning bir qismi bo‘sh qolmoqda.
Davlatimiz rahbari kasb-hunarga o‘qitish tizimini qayta ko‘rib chiqish va uni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lash zarurligini taʼkidladi.
O‘tkazilgan so‘rovlarda oliy taʼlim muassasalari talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarni egallamayotganini qayd etgan. Shu bois, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarida amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish, oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud imkoniyatlaridan kasbga o‘rgatishda keng foydalanish vazifasi qo‘yildi. Universitetlarda kunning ikkinchi yarmida talabalarning kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlarni yangicha tashkil etish, odamlarning mehnat va tadbirkorlikka munosabatini o‘zgartirish, shuningdek, ularning faolligi va tashabbuskorligini rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash maqsadlariga jami 6,4 trillion so‘m yo‘naltirildi. Tijorat banklarining 2,1 trillion so‘mlik resurslari hisobidan mahallalardagi loyihalarga 1,5 trillion so‘m kredit ajratildi. Shu tariqa viloyatdagi barcha mahallalar moliyaviy resurslar bilan qamrab olindi.
Prezidentimiz banklarning ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishdagi amaliy hissasi mahallalardagi natijalarda ko‘rinishi kerakligini taʼkidladi. Banklar hududlardagi imkoniyat va tashabbuslarni aniq biznes loyihalariga aylantiradigan “loyihalar fabrikasi” bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning ishini aniq natijadorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash masalalariga eʼtibor qaratildi. Kambag‘allikni qisqartirishda ularning vazifalari, ish usullari va masʼuliyat doirasini belgilash bo‘yicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqish topshirildi.
Taqdimotda yil yakuniga qadar 18 mingta kam taʼminlangan oiladagi 81 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish va 39 ming nafar ishsiz fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlash rejalari bayon qilindi.
– Bular oddiy raqamlar emas. Har bir insonga alohida yondashib, uning imkoniyatlarini yaxshi bilishimiz, shundan kelib chiqib, munosib ish topib berishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz.
Buning uchun sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm, transport, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalaridagi investitsiya loyihalari ishga solinadi. Mikrosanoat markazlarida 250 ta yangi korxona tashkil etilib, mahalla bankirlari ishtirokidagi loyihalar kengaytiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish choralari ko‘riladi.
Parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, mebel ishlab chiqarish, issiqxona xo‘jaligi va o‘simlikchilik yo‘nalishlarida 36 ta kooperatsiya tashkil etilib, ularga 201 ta mahalladagi 15,8 mingta kam taʼminlangan oila jalb qilinadi.
Shuningdek, 12 ta tayanch va 38 ta yondosh mahallada 70 ta “lokomotiv” loyiha amalga oshirilib, 1,1 mingta ish o‘rni yaratiladi. Tadbirkorlik loyihalari uchun 650 milliard so‘m ajratilib, 2,5 mingta mikroloyiha ro‘yobga chiqariladi.
Yangiariq tumanidagi Shixbog‘i mahallasini tayanch mahalla sifatida rivojlantirish rejasi ham muhokama markazida bo‘ldi. U bilan birga Qarmish, Sherobod va Kattabog‘ mahallalari qamrab olinadi. Ushbu mahallalarda jami 18,2 ming nafar aholi istiqomat qiladi, 319 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.
Tayanch va unga tutash mahallalarda sanoat zonasi, mikrosanoat markazi, zamonaviy bozor va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish, intensiv bog‘ barpo qilish, chorvachilik va parrandachilik majmualarini ishga tushirish mo‘ljallangan. Shuningdek, ichki yo‘llar, piyodalar yo‘lagi, elektr va suv taʼminoti infratuzilmasi yaxshilanadi.
Xorijiy konsalting tashkilotlari ishtirokida mazkur hududni rivojlantirishning master rejasi ishlab chiqilib, mahalliy loyihachilarning malakasi oshiriladi. Mazkur choralar orqali 1,5 mingta barqaror ish o‘rni yaratish, aholi daromadini 20-30 foizga oshirish hamda hududni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ehtiyojmand aholi qatlamlari bilan ishlashning amaldagi mexanizmlari va metodologiyasini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligini taʼkidladi. Mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi kurashish siyosatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda ularni alohida videoselektor yig‘ilishida muhokama qilish belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi