Krasnoyarskda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli tashkil etildi
Dekabr 16, 2025. 12:39 • 2 daq
• 445
KRASNOYARSK, 23-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Krasnoyarsk shahriga tashrif buyurib, bu yerda mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun navbatdagi sayyor konsullik qabulini tashkil etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda bosh konsul kelgusida ham zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, ushbu mintaqa hududida ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishda har qanday yordamga tayyor ekanini bildirdi.
Fuqarolarimizga mamlakat qonun-qoidalariga rioya etishi, huquqlari buzilganda yoki yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish uchun O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga zudlik bilan murojaat qilishi zarurligi taʼkidlandi.
Muloqot davomida yurtdoshlarimizga yo‘qolgan hujjatlarni tiklash, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patent olish kabi masalalar yuzasida maʼlumot berildi. Hamyurtlarimizga pasport va vatanga qaytish sertifikatlari topshirildi, yo‘qolgan va muddati o‘tgan pasportlarni almashtirish bo‘yicha arizalar qabul qilindi, mahalliy ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash masalasi tezkorlik bilan hal etildi.
Bosh konsulxona tomonidan Sibir federal okrugining barcha hududlarida, jumladan, Krasnoyarskda muntazam ravishda o‘tkazilayotgan bunday sayyor qabullar yurtdoshlarimiz tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda. Taʼkidlanganidek, ularning O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi bilan doimiy aloqalari ko‘p jihatdan vatandoshlar tomonidan, xususan, Rossiyaning migratsiya qonunchiligi sohasidagi qonunbuzarliklarning oldini olishga yordam bermoqda.
Konsullik qabuli doirasida Krasnoyarsk o‘lkasi “Xalqlari do‘stligi” uyi direktori Zoya Grudinaga “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan o‘zbek kitoblari, yorqin milliy liboslar va musiqa asboblari tantanali ravishda topshirildi.
Krasnoyarsk o‘lkasi o‘zbeklari mintaqaviy milliy-madaniy muxtoriyati jamoat tashkiloti raisi Saitmurot Xoljigitovga Krasnoyarsk o‘lkasi hududida o‘zbek madaniyati va sanʼatini faol targ‘ib qilgani uchun “Vatandoshlar” jamg‘armasi rahbariyatining tashakkurnomasi taqdim etildi.
Bu Bosh konsulxona tomonidan “Vatandoshlar” jamoat fondi va O‘zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi ko‘magida o‘tkazilayotgan ikkinchi aksiyadir.
O‘z navbatida, Do‘stlik uyi direktori Zoya Grudina Bosh konsulxonaga minnatdorlik bildirib, Krasnoyarskdagi o‘zbek diasporasi O‘zbekiston va Krasnoyarsk o‘lkasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida faol ishtirok etayotganini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi