Ag‘darilgan Peru rahbarining qizi mamlakatning birinchi ayol prezidenti bo‘ldi

Iyun 30, 2026. 17:30 • 2 daq

107
Ag‘darilgan Peru rahbarining qizi mamlakatning birinchi ayol prezidenti bo‘ldi

LIMA, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. “Xalq kuchi” konservativ partiyasidan nomzod, sobiq prezident Alberto Fuximorining qizi Keyko Fuximori Peru prezidentlik saylovida 50,14 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Bloomberg” axborot agentligiga tayanib.

Qayd etilishicha, uning asosiy raqibi, “Peru uchun birgalikda” so‘l partiyasi vakili Roberto Sanches 49,87 foiz ovoz olgan. Nomzodlar o‘rtasidagi farq qariyb 49,6 ming ovozni tashkil etdi.

51 yoshli Keyko Fuximori ovozlarni sanab chiqqani uchun Milliy saylov kengashiga minnatdorlik bildirdi va 3-iyulga belgilangan natijalarning Milliy saylov hayʼati tomonidan rasman tasdiqlanishini kutayotganini maʼlum qildi.

Prezidentlik saylovining birinchi turi 12-aprelda, ikkinchisi esa 7-iyunda bo‘lib o‘tgan. Natijalar rasman tasdiqlangan taqdirda, Keyko Fuximori 28-iyul kuni besh yillik muddatga o‘z lavozimini egallaydi. U Peru tarixidagi birinchi ayol prezident bo‘ladi. Bu uning davlat rahbari etib saylanish uchun to‘rtinchi urinishi edi.

Umuman olganda, Perudagi saylovlar jinoyatchilikning o‘sishi va siyosiy beqarorlik fonida o‘tdi, shu sababli, so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda sakkiz nafar prezident almashdi. Mamlakatning so‘nggi prezidenti Xose Xeriga parlament ishonchsizlik votumini bildirdi. Bu yilgi saylovlarda qariyb 35 million aholidan 18 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etdi.

Yangi prezident 1990-yildan 2000-yilgacha mamlakatni boshqargan sobiq Peru prezidenti Alberto Fuximorining qizidir. Hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng, u mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, korrupsiya va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanib, sudlangan edi. 2023-yilda Peru Konstitutsiyaviy sudi uning afvini tikladi, 2024-yilda esa sobiq prezident 86 yoshida vafot etdi.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish