Pokiston OAV: O‘zbekiston texnologik biznes uchun mintaqada eng qulay xablardan biridir

Iyun 30, 2026. 17:00 • 2 daq

69
Pokiston OAV: O‘zbekiston texnologik biznes uchun mintaqada eng qulay xablardan biridir
Pokiston OAV: O‘zbekiston texnologik biznes uchun mintaqada eng qulay xablardan biridir

ISLOMOBOD, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “News Network Pakistan” va “Infora News” nashrlarida “O‘zbekiston texnologik biznes uchun operatsion xab sifatida: raqamlar, imkoniyatlar va bu nima uchun samarali?” sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda 1000 dan ortiq texnologik kompaniyalar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygani va ular uchun barcha sharoitlar yaratilgani taʼkidlangan.

“Alohida afzallik shundaki, biznes O‘zbekistonda asosiy jarayonlarni tashkil etish uchun oylab vaqt sarflamaydi. Toshkent shahridagi IT Park nafaqat kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazishda, balki ishlash uchun tayyor infratuzilma – ofis, mebel, texnika va barcha ulangan kommunikatsiyalar bilan ham yordam beradi”, – deya yozilgan maqolada.

Shuningdek, startap biznesni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha barcha asosiy jarayonlar “One Stop Shop” tamoyili asosidagi «yagona darcha» orqali amalga oshirilishi taʼkidlangan.

Pokiston OAV yozganidek, IT Park rezidentlari uchun mintaqadagi tex-biznes uchun eng qulay soliq shartlaridan biri amal qiladi: 0 foiz korporativ soliq, QQS va ijtimoiy soliq. Xodimlar uchun daromad solig‘i 7,5 foizni tashkil etadi, bu ko‘plab Yevropa mamlakatlariga qaraganda sezilarli darajada past.

“Buning hisobiga kompaniyalar yuqori soliq yukiga emas, balki jamoani va biznesni rivojlantirishga ko‘proq resurs sarflashlari mumkin”, – deyilgan manbada.

Qo‘shimcha afzalliklardan biri — yashash va operatsion xarajatlarning pastligidir. O‘zbekistonda biznes xodimlarni yollash, jamoani saqlash va kundalik jarayonlarga kamroq mablag‘ sarflaydi. Ish va yashash sharoitlari esa xalqaro biznes uchun tobora qulay bo‘lib bormoqda.

Nashrlarda O‘zbekistonda taʼsischilar, investorlar va IT-mutaxassislar uchun uch yil muddatga IT-viza amal qilishi urg‘ulangan. U mamlakatda alohida ishlash ruxsatnomasisiz yashash va ishlash imkonini beradi hamda oila aʼzolariga ham tatbiq etiladi. IT-viza egalari O‘zbekiston fuqarolari bilan bir xil shartlarda tibbiy xizmat va taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ular ko‘chmas mulk sotib olishlari mumkin.

Maqolalarda qayd etilganidek, O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar uchun infratuzilma va qo‘llab-quvvatlash tizimi allaqachon yaratilgan bo‘lib, biznes ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz kengayishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish