Jozef Svit: Hozir O‘zbekiston va uning kelajagining bir qismiga aylanish uchun eng muhim palla

Iyun 16, 2026. 18:30 • 2 daq

13
Jozef Svit: Hozir O‘zbekiston va uning kelajagining bir qismiga aylanish uchun eng muhim palla

TOSHKЕNT, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashayotgan nufuzli “Cleveland Clinic” tibbiyot markazining xalqaro faoliyat bo‘yicha direktori Jozef Svit “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

– Investorlar uchun O‘zbekistonning asosiy ustunligi – bu uning mehnatkash xalqi deb hisoblayman. Bu yerdagi ish tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, odamlarning bilim olish, rivojlanish va yangi natijalarga erishishga bo‘lgan intilishi meni doimo qoyil qoldirgan.

Shu sababli, biz Markaziy Osiyo universitetidagi hamkorlarimiz bilan aloqalarni yanada rivojlantirish va kengaytirish tarafdorimiz. Hozir O‘zbekiston va uning kelajagining bir qismiga aylanish uchun eng muhim palla.

Men O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurganman va har safar bu yerdagi o‘zgarishlar menda katta taassurot qoldirgan. Avvalo, bu odamlar, mamlakatning rivojlanish sur’ati va hamma joyda ko‘zga tashlanayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘lami. O‘zbekiston go‘zal mamlakat, Toshkent esa chiroyli, zamonaviy, juda ozoda va tartibli shahar. Bularning barchasi har bir kishida ulkan taassurot uyg‘otadi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning ahamiyatini baholab bo‘lmaydi. Bunday platformalar O‘zbekiston, AQSH va dunyoning boshqa mamlakatlaridan davlat arboblari, biznes rahbarlari hamda turli tashkilotlar vakillarini bir joyga jamlash imkonini beradi.

Forum ochiq muloqot qilish, yangi imkoniyatlarni izlash va sheriklik aloqalarini mustahkamlash uchun sharoit yaratadi. Zero, pirovardida hamma narsa shu yerda vujudga keladigan va kelajakda yanada rivojlanadigan insonlar va tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish