O‘zbekiston elchisi Turkmanistonning Axal viloyati hokimi bilan uchrashuv o‘tkazdi

Iyun 16, 2026. 18:00 • 2 daq

72
O‘zbekiston elchisi Turkmanistonning Axal viloyati hokimi bilan uchrashuv o‘tkazdi

ASHXOBOD, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Turkmanistonning Axal viloyati hokimi Toyguli Nurmuradov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda hududlararo sheriklikni rivojlantirishning muhim jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Suhbatda ikki davlat rahbarlarining do‘stona va ishonchli muloqoti davlatlararo aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishda asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

Muzokaralarning markaziy mavzularidan biri — Toshkent va Axal viloyatlari o‘rtasida 2025-yil 17-noyabrda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ijrosini ta’minlash masalasi bo‘ldi. Tomonlar ushbu hujjat doirasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni aniq amaliy loyihalar bilan boyitish zarurligini qayd etdilar.

Shuningdek, uchrashuvda joriy yilning 22-24-iyun kunlari Ashxobod shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston tadbirkorlarining biznes-missiyasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari mazkur tadbir doirasida samarali B2B uchrashuvlarini tashkil etish hamda unga Turkmanistonning yirik qurilish kompaniyalari va tashkilotlarini keng jalb qilishda Axal viloyati hokimligi bilan yaqindan hamkorlik qilish tashabbusini ilgari surdi.

Bundan tashqari, muloqot chog‘ida ikki hudud korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, ilg‘or texnologiyalar almashinuvi va soha mutaxassislarini tayyorlash dasturlarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari xususida atroflicha fikr almashildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan barcha ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha birgalikdagi ishlarni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish