O‘zbekiston va Isroil oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Iyun 16, 2026. 17:30 • 2 daq
• 6
TЕL-AVIV, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Isroilning Xolon texnologiyalar instituti hamda Yangi O‘zbekiston universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvlar va innovatsion faoliyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Onlayn formatda tashkil etilgan tadbirda Isroil tomonidan Xolon texnologiyalar instituti prezidenti, professor Eduard Yakubov hamda Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan Yangi O‘zbekiston universitetining xalqaro va akademik ishlar bo‘yicha prorektori, doktor Azizbek Marahimov hamda mamlakatimiz elchisi Jahongir Aminov qatnashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiyalar tashkil etish hamda ta’lim sohasidagi tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish kabi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur memorandumning imzolanishi ta’lim va ilm-fan sohalaridagi O‘zbekiston–Isroil hamkorligini yanada mustahkamlashga, ikki mamlakatning yetakchi universitetlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi