Misr OAV O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumini keng yoritmoqda
Iyul 09, 2026. 18:00 • 2 daq
• 57QOHIRA, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning yetakchi OAV Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi haqida turkum maqolalar eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Al-Ahram” gazetasining xabar berishicha, ushbu tadbirda Misr Vaqflar vaziri Usama al-Azhariy boshchiligidagi nufuzli delegatsiya ishtirok etmoqda. Anjuman dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan rasmiy shaxslar, ekspertlar va olimlarni bir maydonga jamladi.
Nashr taʼkidlaganidek, forum islom sivilizatsiyasining insoniyat, ilm-fan va maʼrifat rivojiga qo‘shgan hissasini keng yoritish, tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish hamda ilmiy va madaniy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Misr matbuotida O‘zbekiston Prezidentining forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatiga eʼtibor qaratdi. “Le Progrès Egyptien” nashri hamda “MENA” axborot agentligi tarqatgan xabarlarda qayd etilishicha, Prezident murojaatida ushbu forumning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi katta ramziy maʼnoga ega.
“Al-Ahram” gazetasining yozishicha, forumning dastlabki kunlari ishtirokchilar tomonidan Hamkorlik deklaratsiyasi qabul qilingan. Hujjatda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi uchun minnatdorlik bildirilgan.
Ushbu tashabbusning amaliy ifodasi sifatida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi va mazkur forum ushbu yangi majmuada o‘tkazilmoqda. Shuningdek deklaratsiyada, jaholat, ekstremizm, ksenofobiya, islamofobiya va islom merosini soxta talqin qilishga qarshi birgalikda kurashish zarurligi bayon etilgan.
Forum doirasida O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘iratbay Sharipov va Misr Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Abdulaziz Konsuva o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvga ham to‘xtalib o‘tilgan.
“Al-Axbar” gazetasi xabariga ko‘ra, tomonlar taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikni muhokama qilib, shu yil iyul oyida Qohirada “Study in Uzbekistan” ko‘rgazmasi o‘tkazilishini hamda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi tayyorlanayotganini maʼlum qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



