“News Central Asia”: O‘zbekiston va Belarus 2030-yilgacha o‘zaro tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazmoqchi

Iyul 09, 2026. 10:30 • 2 daq

121
“News Central Asia”: O‘zbekiston va Belarus 2030-yilgacha o‘zaro tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazmoqchi

ASHXOBOD, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkmanistonda faoliyat yurituvchi “News Central Asia” axborot agentligi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikning bugungi holati hamda istiqbollariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar anʼanaviy savdo-sotiqdan chuqur sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish va keng ko‘lamli hamkorlik bosqichiga o‘tmoqda. Shu bilan birga, materialda o‘zaro savdo aloqalarida yuqori dinamika kuzatilayotgani alohida qayd etilgan.

Xususan, 2025-yilda o‘zaro tovar aylanmasi 965 million AQSH dollariga yetib, 2017-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb besh barobar oshgan. 2026-yil boshidagi maʼlumotlar esa savdo hajmi yana 32 foizlik barqaror o‘sish surʼatini saqlab qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar 2030-yilga qadar o‘zaro tovar aylanmasi hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi qo‘shma dastur va “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda.

Nashrda sanoat va investitsiya sohasidagi muvaffaqiyatli loyihalar, jumladan, Nurafshondagi “Agromax Technic” qo‘shma korxonasida traktorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, Ohangaron mis klasterida yuqori voltli kabellar ishlab chiqarish hamda Qarshidagi “UzShoes” poyabzal korxonasi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi o‘zaro strategik sheriklikka yangi surʼat bag‘ishlashi hamda ikki xalq farovonligiga xizmat qiluvchi muhim kelishuvlarning imzolanishiga xizmat qilishi taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish