O‘zbekiston va BAA o‘rtasida ilk bor Konsullik qo‘mitasi tashkil etildi
Iyul 09, 2026. 18:30 • 2 daq
• 56TOSHKENT, 9-iyul. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizda O‘zbekiston va BAA Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ilk marotaba konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha birinchi konsullik maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi konsullik-huquqiy sohada hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda boyitish, amaliy mexanizmlarni kuchaytirish hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga qaratildi.
Uchrashuvda BAA tashqi ishlar vazirining konsullik ishlari bo‘yicha yordamchisi Faysal Isa Ali Xusayn Lutfi boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasida Konsullik qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekiston va BAA o‘rtasida konsullik sohasidagi hamkorlikni tizimli ravishda rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Maslahatlashuvlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri — Konsullik sohasida fuqarolarga ko‘rsatiladigan raqamli xizmatlar va zamonaviy texnologiyalar shu jumladan sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish sohalarida amirliklar ilg‘or tajribasini mamlakatimiz konsullik xizmatiga tatbiq qilish.
Suhbat jarayonida O‘zbekiston fuqarolari uchun BAAning “UAE Fast Track” va “E-Gates” tizimlaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Ushbu tizimlar fuqarolarimiz uchun chegara nazoratidan o‘tish jarayonlarini tezlashtirish, safarlar xavfsizligini, qulayligini oshirish va zamonaviy raqamli xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.
Fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalari ham muzokaralarning muhim qismi bo‘ldi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va BAA hududlarida bo‘lib turgan ikki mamlakat fuqarolariga oid maʼlumotlar almashinuvini tezlashtirish, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga kelishib oldilar.
Muloqotda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, O‘zbekiston hududlarida BAAning yirik ish beruvchilari ishtirokida “Work in UAE” mehnat yarmarkalarini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Tashabbus O‘zbekiston fuqarolari uchun BAA mehnat bozorida qonuniy va munosib ish o‘rinlarini topish imkoniyatlarini kengaytirish, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi birinchi konsullik maslahatlashuvlari ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichini belgilab berdi. Erishilgan kelishuvlar nafaqat davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi, balki ikki mamlakat fuqarolari uchun qulayliklar yaratish, raqamli xizmatlarni rivojlantirish va mehnat migratsiyasi sohasida yangi imkoniyatlarni ochishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


