“Ekonomicheskaya gazeta”: Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy drayveriga aylandi
Noyabr 13, 2026. 18:16 • 2 daq
• 10
MINSK, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Belarusning “Ekonomicheskaya gazeta” nashrida O‘zbekistonning joriy yil to‘qqiz oylik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy sharh e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, hisobot davrida mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 8,3 foizga o‘sgan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish sohasi va sanoat tarmoqlari iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylangan. Xususan, xizmatlar sektorida ikki xonali o‘sish sur’atlari kuzatilgan. Savdo sohasida 17,4 foiz, transport tarmog‘ida 16,4 foiz, axborot va aloqa yo‘nalishida 21,4 foiz, moliyaviy xizmatlarda esa 22 foizlik o‘sish qayd etilgan. Kichik tadbirkorlik subyektlari chakana savdo aylanmasining 20,4 foizga o‘sishini ta’minlagan.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,1 foizga oshgan, jumladan, qayta ishlash sanoati 8,6 foizga, energetika sektori esa 10,1 foizga o‘sgan.
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 48,5 milliard dollardan oshib, 20,1 foizga ko‘paygan. Nashrning ta’kidlashicha, bunda asosiy manba to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bo‘lib, ularning ulushi 38,9 foizga yetgan. Kapitalni jalb qilish bo‘yicha qayta ishlash sanoati (27,4 foiz) va uy-joy qurilishi (qariyb 15 foiz) yetakchilik qilgan.
“Ekonomicheskaya gazeta” o‘rta muddatli istiqbolda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolishini prognoz qilib, Belarus tadbirkorlari va investorlarini O‘zbekiston bozori bilan yanada faol hamkorlik qilishga chaqirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi