Toshkent viloyati yoshlarni Yaponiyada ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Noyabr 13, 2026. 17:30 • 2 daq

• 26
Toshkent viloyati yoshlarni Yaponiyada ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda

TOKIO, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyada xizmat safarida bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya ushbu davlatdagi “Proud Partners Co., Ltd.” kompaniyasi bosh direktori Ryuji Suzuki bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida Toshkent viloyatida Yaponiya mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, yoshlarni xorijda ish bilan ta’minlash hamda bu boradagi ta’lim infratuzilmasini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Proud Partners” kompaniyasi xorijiy fuqarolarni Yaponiyaga ishga jalb qilish, ularni til va kasbiy jihatdan tayyorlash, yangi mehnat muhitiga moslashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Kompaniya bugungi kunga qadar 1,5 mingta korxona bilan hamkorlikda 6 ming nafar xorijiy fuqaroning Yaponiyada ishga joylashishiga ko‘maklashgan.

O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida 2026-yil 16-fevral kuni kompaniyaning Angren shahridagi “Uzbekistan Proud Academy” o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda mazkur markazda 200 nafarga yaqin yosh yapon tili va yuk avtomobillarini boshqarish yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda.

Uchrashuvda mazkur loyihani kengaytirish va hamkorlik qamrovini yangi yo‘nalishlar hisobiga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida Toshkent viloyatidagi texnikum va kollejlarda yapon tili kurslarini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish