Isroilning G‘azo sektoridagi shifoxonaga bergan zarbasi oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi

Noyabr 12, 2026. 19:00 • 2 daq

• 26
Isroilning G‘azo sektoridagi shifoxonaga bergan zarbasi oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi
“Reuters” agentligi surati

TOSHKENT, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Isroilning G‘azo sektori janubidagi Xon-Yunis shahrida joylashgan Nosir tibbiyot majmuasiga bergan aviazarbasi oqibatida kamida olti nafar falastinlik halok bo‘ldi va 20 ga yaqin kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba jarrohlik va intensiv terapiya (reanimatsiya) bo‘limlari joylashgan binoga berilgan.

Tibbiyot majmuasi direktori Roid ad-Dahshanning ma’lum qilishicha, raketa binoni vertikal ravishda teshib kirib, bir necha qavatni buzib o‘tgan va jiddiy vayronagarchilikka sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim jabrlanganlarning ahvoli og‘ir bo‘lib, xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois qurbonlar soni yana ortishi mumkin.

Isroil mudofaa armiyasi mazkur operatsiyadan ko‘zlangan maqsad HAMAS qurolli qanotining qo‘mondoni va boshqa jangarilarni yo‘q qilish bo‘lgani, ular Isroil tomonining da’vosiga ko‘ra, ushbu shifoxonadan hujumlarni rejalashtirish shtabi sifatida foydalanganini ma’lum qildi.

HAMAS bu bayonotlarni rad etib, yuz bergan hodisani harbiy jinoyat hamda tibbiyot muassasasiga berilgan zarbani oqlashga urinish deb baholadi.

Nosir tibbiyot majmuasi G‘azo sektoridagi eng yirik shifoxonalardan biri hamda Xon-Yunisda faoliyat yuritayotgan asosiy tibbiyot muassasasi hisoblanadi va anklav janubidagi qariyb 500 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Mahalliy manbalarning qayd etishicha, so‘nggi bir necha yil ichida majmua bir necha bor Isroil zarbalariga nishon bo‘lgan.

Sektor sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Isroil hujumlari oqibatida 74 ming 650 dan ortiq falastinlik hayotdan ko‘z yumdi. 2025-yil oktabr oyida sulh bitimi kuchga kirganidan buyon qurbonlar soni 1620 nafardan oshdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish