Eldor Aripov: Markaziy Osiyo tajribasi yaxshi qo‘shnichilik, ochiq muloqot va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish siyosatining samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda

Iyun 16, 2026. 20:17 • 3 daq

45
Eldor Aripov: Markaziy Osiyo tajribasi yaxshi qo‘shnichilik, ochiq muloqot va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish siyosatining samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda
Eldor Aripov: Markaziy Osiyo tajribasi yaxshi qo‘shnichilik, ochiq muloqot va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish siyosatining samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda

SEUL, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov 15–16-iyun kunlari Seulda bo‘lib o‘tgan Koreya yarim oroli va Shimoliy mamlakatlar madaniyati va strategiyalari bo‘yicha yillik forumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Joriy yilda forum “Tinchlik va farovonlik yo‘lida: yirik davlatlar o‘rtasidagi global raqobat qayta kuchayib borayotgan sharoitda birdamlik orqali nizolarni bartaraf etish” mavzusiga bag‘ishlandi.

Xankuk chet tillar universiteti Xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar markazi (CIAS) tomonidan tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Turkiya, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Janubiy Osiyo davlatlarining tahliliy markazlari va akademik doiralari vakillari ishtirok etdi.

Jamoatchilik diplomatiyasi masalalariga bag‘ishlangan sessiyada so‘zga chiqqan Eldor Aripov kuchayib borayotgan geosiyosiy noaniqlik sharoitida davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash mexanizmlari alohida dolzarblik kasb etayotganini ta’kidladi.

Shu o‘rinda SMTI rahbari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yuqori natijaga erishgan Markaziy Osiyo tajribasini taqdim etdi. U mintaqa davlatlari yetakchilarining siyosiy irodasi tufayli to‘planib qolgan aksariyat ziddiyatlarni hal etish, transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro ishonch muhitini yaratish uchun sharoitlar vujudga kelganini alohida ta’kidladi.

Eldor Aripovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mintaqa siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning yuqori dinamikasini namoyish etmoqda. So‘nggi yillarda mintaqa ichidagi savdo hajmi qariyb besh barobar, o‘zaro investitsiyalar esa ikki barobardan ziyodga oshdi.

Erishilgan natijalarni mustahkamlashda jamoatchilik diplomatiyasiga alohida e’tibor qaratildi. SMTI direktori ta’kidlaganidek, mahalliy jamiyatlarning faol ishtirokisiz barqaror tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash mumkin emas. Odamlar o‘rtasidagi aloqalarning kengayishi, chegaraoldi savdosi, turizm, ta’lim va madaniy almashinuvlarning rivojlanishi mintaqani yana-da rivojlantirishning muhim omili bo‘lgan ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlararo forumi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti, Markaziy Osiyo universitetlari rektorlari forumi, Tarixchilar va mintaqashunoslar forumi hamda Markaziy Osiyo yoshlar forumi mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlari sifatida taqdim etildi. Mintaqa xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilishga qaratilgan “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish tashabbusi alohida qayd etildi.

Eldor Aripov O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlari haqida so‘z yuritar ekan, Koreya Respublikasi O‘zbekistonning Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi. Gumanitar aloqalar 2019-yilda alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan ikki tomonlama hamkorlikning muhim asosi bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 2 milliard dollarga yaqinlashdi.

SMTI rahbarining so‘zlariga ko‘ra, MDH hududidagi eng yirik – 177 ming kishilik O‘zbekiston koreys diasporasi do‘stona aloqalarning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib, O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini mustahkamlashning muhim omili bo‘lib kelmoqda.

Eldor Aripov, shuningdek, ta’lim va fan sohalaridagi hamkorlikning yuqori sur’atlarini qayd etdi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi 9 ta oliy ta’lim muassasasi va 24 ta maktabda koreys tili o‘qitiladi. Mamlakatda Janubiy Koreya universitetlarining 4 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari Koreya Respublikasining 45 dan ortiq universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

So‘zining yakunida SMTI direktori Markaziy Osiyo tajribasi yaxshi qo‘shnichilik, ochiq muloqot va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish siyosatining samaradorligini yaqqol namoyish etishini ta’kidladi. Uning fikricha, jamoatchilik diplomatiyasi va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish Markaziy Osiyoda ham, kengroq Yevroosiyo makonida ham tinchlik, barqarorlik va bardavom taraqqiyotni mustahkamlash vazifalariga to‘liq javob beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish