BAA investorlari Yangi Toshkentdan yer maydoni xarid qilish uchun elektron auksion platformasida ro‘yxatdan o‘tdi

Noyabr 26, 2026. 08:10 • 2 daq

• 151
BAA investorlari Yangi Toshkentdan yer maydoni xarid qilish uchun elektron auksion platformasida ro‘yxatdan o‘tdi

ABU-DABI, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yangi Toshkent shahrini barpo etishga yirik xorijiy investorlar va dunyo miqyosida tan olingan nufuzli brendlarni jalb qilish borasida BAA bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Abu-Dabidagi elchixonasi ko‘magida amirlik investorlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Yangi Toshkent shahrida xalqaro premium va luks segmentidagi yetakchi brendlar ishtirokida zamonaviy turar joy majmualarini barpo etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

Mazkur loyihalarda ilg‘or xalqaro tajriba, noyob arxitektura yechimlari, zamonaviy dizayn va yuqori sifat standartlarini uyg‘unlashtirish orqali aholi uchun qulay va jozibador shahar muhitini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Amirlik investorlari Yangi Toshkent hududidan yer maydoni sotib olish maqsadida onlayn-auksion platformasida ro‘yxatdan o‘tdi va unda ishtirok etishini rasman e’lon qildi. Joriy yilning 26–30-noyabr kunlari amirlik investorlarining O‘zbekistonga tashrifi amalga oshiriladi.

Tashrif davomida Yangi Toshkent shahrida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalarining arxitektura konsepsiyalari taqdimoti o‘tkazilishi, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari kelishib olinishi hamda tegishli hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Mazkur hamkorlik Yangi Toshkent shahrining xalqaro investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, mamlakatimiz ko‘chmas mulk bozoriga nufuzli jahon brendlarini olib kirish hamda zamonaviy shaharsozlikning yangi standartlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish