O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida turistik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Noyabr 26, 2026. 09:30 • 2 daq
• 25VARSHAVA, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tashabbusi bilan “Uzbekistan Airways” AJ hamkorligida mamlakatimizning yetakchi turoperatorlaridan iborat delegatsiyaning ushbu mamlakatga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Varshava shahridagi “Jerozolimskie Tower” biznes markazida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazildi. Unda yurtimizning “Samarkanda Travel and Tours”, “Sitara Travel”, “Asialuxe Travel”, “Prestige Travel”, “Tour Link”, “Avrud Travel” va “Orient Mice DMC” kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Shuningdek, tadbirda Polsha Savdo-sanoat va Turizm palatalari xodimlari, mahalliy jurnalistlar hamda yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.
Forum davomida mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi hamda rejalashtirilgan yirik xalqaro tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, 2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro turizm yarmarkasiga alohida e’tibor qaratilib, polshalik hamkorlar mazkur nufuzli anjumanda faol ishtirok etishga taklif qilindi.
2027-yilning aprel oyidan boshlab “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan Toshkent–Varshava–Toshkent aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yilishini keng targ‘ib qilish masalasida ham fikr-mulohaza almashildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari tomonidan o‘tkazilgan taqdimotlarda yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi, xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, yangi va istiqbolli yo‘nalishlar hamda maxsus sayyohlik dasturlari namoyish etildi.
Tadbir doirasida polshalik mehmonlar o‘rtasida interaktiv tanlovlar ham uyushtirildi. G‘oliblarga “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan yangi yo‘lga qo‘yilayotgan Toshkent–Varshava–Toshkent to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovi uchun aviachiptalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Forum dasturiga muvofiq, ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida B2B shaklidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar davomida o‘zaro sheriklik munosabatlarini kengaytirish, qo‘shma sayyohlik paketlarini ishlab chiqish, Polshadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






