Endi Byornem Buyuk Britaniyaning yangi hukumat tarkibini eʼlon qildi
Iyul 21, 2026. 14:00 • 2 daq
• 171
LONDON, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Endi Byornem hukumatning yangilangan tarkibini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Deutsche Welle”ning xabar berishicha, vazirlar mahkamasining yangi tarkibi qirol Karl III tomonidan tasdiqlangan.
Yangi tayinlovlarga muvofiq, moliya vaziri (g‘aznachilik kansleri) lavozimiga sobiq mudofaa vaziri Jon Xili tayinlandi. U joriy yil iyun oyida mudofaa sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emasligini tanqid qilib, o‘z lavozimini tark etgan edi.
Tashqi ishlar vaziri etib Ed Milibend tayinlandi. U avvalgi hukumatda energetika xavfsizligi va uglerod neytralligi masalalari bo‘yicha vazir sifatida faoliyat yuritgan.
Mudofaa vaziri lavozimiga esa Ues Striting tayinlandi. U bunga qadar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy parvarish vaziri bo‘lib ishlagan hamda ushbu vazifani 2024-yil iyulidan 2026-yil mayigacha bajargan.
Shabana Mahmud esa ichki ishlar vaziri sifatida o‘z faoliyatini davom ettiradi. 1980-yilda tug‘ilgan Shabana Mahmud pokistonlik oilada voyaga yetgan. U 2010-yilgi umumiy saylovlarda Birmingem Ledivud okrugidan Britaniya parlamenti Quyi palatasiga saylangan. Shu tariqa u Roshanara Ali va Yasmin Qureshi bilan birga mamlakat parlamentiga saylangan ilk musulmon ayol deputatlar safidan joy olgan.
Shuningdek, Aleks Norris adliya vaziri, Ivett Kuper sog‘liqni saqlash vaziri, Pet Makfadden mehnat va pensiyalar vaziri, Jonatan Reynolds biznes, innovatsiyalar, fan va savdo vaziri, Lyusi Pauell esa taʼlim vaziri etib tayinlandi.
Xeydi Aleksandr transport vaziri lavozimini saqlab qoldi. Miatta Fanbulle energetika va uglerod neytralligi vaziri, Anjela Igl atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri, Anjela Reyner esa uy-joy qurilishi va mahalliy boshqaruv vaziri etib tayinlandi.
Yangi Bosh vazir hukumatning asosiy ustuvor vazifalari sifatida mamlakatni qayta industriyalashtirish, iqtisodiy o‘sish surʼatlarini jadallashtirish hamda milliy xavfsizlikni mustahkamlashni qayd etdi.
Endi Byornem 20-iyul kuni Bosh vazir lavozimiga kirishdi. U Leyboristlar partiyasi rahbari etib saylanganidan so‘ng, partiya ichidagi bosimlar ortidan isteʼfoga chiqqan Kir Starmer o‘rnini egalladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi