“Eureflect”: O‘zbekistonda “Mustaqillik avlodi” mamlakat taraqqiyotining asosiy kuchiga aylanmoqda

Avgust 20, 2026. 09:35 • 2 daq

45
“Eureflect”: O‘zbekistonda “Mustaqillik avlodi” mamlakat taraqqiyotining asosiy kuchiga aylanmoqda

BRYUSSEL, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning nufuzli “Eureflect” nashrida “Mustaqillik avlodi: Ipak yo‘lining yangi navigatorlari” nomli tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanganidek, O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etadi. Mamlakatda ularni “Mustaqillik avlodi” deb atashadi. Global internet, ochiq chegaralar va so‘nggi o‘n yillikdagi shiddatli islohotlar davrida shakllangan ushbu avlod bugun davlat va jamiyat boshqaruvida faol o‘rin egallamoqda.

Muallif raqamli iqtisodiyot va IT-sohasidagi tub o‘zgarishlarga ham alohida e’tibor qaratgan. Bugungi kunda Toshkentdagi IT Park va uning hududiy bo‘limlari O‘zbekistonni texnologik xizmatlar eksportchisiga aylantirmoqda. “Bir million dasturchi” loyihasi, xorijiy oliygohlar filiallarining ochilishi hamda sohaga berilgan imtiyozlar yoshlar uchun muhim “ijtimoiy lift” vazifasini o‘tamoqda.

Nashrda mamlakatda 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi, paxta boykotining bekor qilinishi, inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlar Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiqlik siyosatini belgilab bergani urg‘ulangan. Buning mantiqiy davomi sifatida Samarqandda YUNESKOning XIV Yoshlar forumi hamda “Eko-zakovat” xalqaro turniri kabi yirik anjumanlar o‘tkazilgani qayd etiladi.

Kreativ industriya va milliy madaniyatni modernizatsiya qilish yo‘nalishida ham yoshlarning roli ortib bormoqda. Atlas, adras kabi milliy gazlamalar va iqat texnikasi yosh dizaynerlar tomonidan qayta talqin etilib, Parij va Milan moda haftaliklariga olib chiqilmoqda. Madaniy merosning bunday taqdim etilishi mamlakat nufuzini oshirmoqda.

35-yillik shodiyonani qarshi olayotgan O‘zbekistondagi yangilanish va demokratik o‘zgarishlar jarayoni jamiyatning, xususan, yosh avlodning hayotiy ehtiyojiga aylangan. Bugungi Mustaqillik avlodi Buyuk Ipak yo‘lining ochiqlik va madaniyatlararo muloqot an’analarini raqamli davrda muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish