O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi

Avgust 19, 2026. 20:30 • 2 daq

60
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi

BALIKESIR, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning tarixiy va so‘lim Balikesir shahrida “Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka: madaniyatlar, media va sunʼiy intellekt” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forum doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Turkiyaning yetakchi media tashkilotlari vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat jurnalistika sohasining bugungi holati, jadal o‘zgarayotgan media muhitda yuzaga kelayotgan yangi imkoniyat va chaqiriqlar, jurnalistlar o‘rtasida kasbiy aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya media tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida ikki memorandum imzolandi.

Hujjatlarni imzolash marosimida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi raisi Shuhrat Oripov, Turkiya Jurnalistlar federatsiyasi raisi Yilmaz Karaja va Turkiya Internet media birligi (TİMBİR) boshqaruvi raisi Sulaymon Basa ishtirok etdi.

Turkiya jurnalistlar federatsiyasi bilan hamkorlik OAV delegatsiyalari almashinuvi, mahalliy matbuotni rivojlantirish tajribasini o‘rganish, raqamli jurnalistika, sunʼiy intellekt va media savodxonlik bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish, ijodkorlar malakasini oshirish hamda xalqaro media forumlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Shuningdek, Turkiya Internet media birligi (TİMBİR) bilan alohida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv raqamli jurnalistika yo‘nalishida tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish orqali ikki mamlakat media tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish