Mo‘g‘ulistonda BMTning cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konferensiyasi o‘tkazilmoqda
Avgust 20, 2026. 10:00 • 2 daq
• 11
ULAN-BATOR, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Mo‘g‘uliston poytaxtida 190 dan ortiq mamlakat vakillari BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining 17-konferensiyasi sessiyasiga yig‘ildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“BMT yangiliklari” portalining ma’lum qilishicha, ikki hafta davomida ishtirokchilar tanazzulga uchragan yerlarni tiklash, qurg‘oqchilikka qarshi kurashish va sarmoyalarni jalb etish masalalarini muhokama qiladi.
Anjumanda qurg‘oqchilik masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. 2013-yilda atigi uchta davlatda mavjud bo‘lgan qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha milliy rejalar bugungi kunda 70 dan ortiq mamlakat tomonidan ishlab chiqilgan. Ishtirokchilar barvaqt ogohlantirish tizimlari va moliyalashtirish mexanizmlarini ham ko‘rib chiqadi.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yerlarning tanazzulga yuz tutishi va qurg‘oqchilik dunyo yerlarining 40 foizigacha bo‘lgan qismini qamrab olgan va har yili jahon iqtisodiyotiga qariyb 900 milliard AQSH dollari miqdorida zarar keltirmoqda.
Buning oqibatlari taxminan 3,2 milliard kishining hayotiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Yerlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish uchun har yili 355 milliard dollar talab etiladi, biroq moliyalashtirish hajmi 77 milliard dollarni tashkil etmoqda. Mablag‘ taqchilligi yiliga 278 milliard dollarga yetmoqda.
Konferensiya o‘tkaziladigan joy bejiz tanlanmagan: Mo‘g‘uliston yerlarining qariyb 77 foizi tanazzulga uchragan, yaylov chorvachiligi esa mamlakatning deyarli har uchinchi aholisi uchun tirikchilik manbai hisoblanadi. 2023–2024-yillardagi qurg‘oqchilik va qahraton qish 7 milliondan ortiq chorva molining nobud bo‘lishiga olib keldi.
Ushbu tadbir Xalqaro yaylovlar va chorvadorlar yili doirasida o‘tkazilmoqda. Yaylovlar quruqlik yuzasining qariyb 54 foizini egallab, taxminan 2 milliard kishining tirikchiligini ta’minlaydi. Ayni paytda yaylov yerlarining qariyb yarmi tanazzulga uchragan yoki shunday xavf ostida turibdi.
Sessiyalarda mamlakatlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yerlarni tiklash va yaylovlardan barqaror foydalanish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surish kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi