Misr matbuoti: O‘zbekistonda xususiy sektor va xorijiy investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Oktabr 01, 2026. 14:00 • 2 daq
• 164
QOHIRA, 1-oktabr. /“Dunyo” AA/. Misr ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda tadbirkorlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlar hamda Prezidentning Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Al-Awsat” xalqaro axborot agentligida O‘zbekistonning xalqaro biznes hamjamiyati, xorijiy investorlar va transmilliy kompaniyalar uchun barqaror, ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanayotgani ta’kidlangan.
Muallif Xivadagi ochiq muloqotni mamlakatda biznes muhitini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim natijalarini namoyon etgan va kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim platforma sifatida baholagan.
Maqolada so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan biznes subyektlari soni ikki barobarga yaqin oshib, 530 mingdan oshgani, xususiy sektorda 2,4 millionta doimiy ish o‘rni yaratilgani hamda eksport hajmi rekord ko‘rsatkichlarga yetgani qayd etilgan. Bu natijalar mamlakatda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar shakllanayotganining muhim ko‘rsatkichlari sifatida keltirilgan.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi imkoniyatlarining kengaytirilishi, kredit liniyalarini kafolatlash uchun qo‘shimcha 100 million dollar ajratilishi, yuqori o‘sish salohiyatiga ega kompaniyalarga 10 milliard so‘mgacha grant va imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlarining yaratilishi investorlar uchun muhim rag‘bat sifatida qayd etilgan.
Qo‘shma korxonalar mahsulotlarini xalqaro elektron savdo platformalariga olib chiqish xarajatlarining 50 foizigacha davlat tomonidan qoplanishi ham eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Al-Khabar Al-Youm” nashrida yoritilgan maqolada O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, soliq qonunchiligi barqarorligini mustahkamlash, tadbirkorlarga nisbatan ma’muriy bosimni kamaytirish va davlat organlarining biznes faoliyatiga noqonuniy aralashuvi uchun javobgarlikni kuchaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Materialda O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyot va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi siyosatiga alohida urg‘u berilgan. Energiya tejovchi texnologiyalar va quyosh energetikasiga investitsiyalar uchun soliq va boshqa imtiyozlarning joriy etilishi mamlakatning xalqaro ekologik standartlarga moslashishida muhim qadam sifatida ko‘rsatilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi