O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi
Iyul 26, 2026. 14:00 • 2 daq
• 67
ANQARA, 26-iyul. /“Dunyo” AA/. “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Turkiya Oliy ta’lim kengashi (YÖK) o‘rtasida kadrlar tayyorlash sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol Ozvar, hamda videokonferensaloqa shaklida Yaqin Sharq texnika, Bo‘g‘ozichi, Hajettepe, G‘ozi, Anqara va Istanbul texnika universitetlari rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuvda strategik ahamiyatga ega iqtisodiyot tarmoqlari va davlat boshqaruvi sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, maqsadli stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish, malaka oshirish tizimini takomillashtirish hamda qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirish choralari ko‘rib chiqildi.
Anqara, Hajettepe va G‘ozi universitetlari tibbiyot yo‘nalishlarida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun klinik stajirovkalar, ilmiy tadqiqotlar va amaliy tayyorgarlikni o‘z ichiga olgan maxsus dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Yaqin Sharq texnika, Bo‘g‘ozichi va Istanbul texnika universitetlari bilan sun’iy intellekt, robototexnika, uchuvchisiz uchish apparatlari texnologiyalari hamda kiberxavfsizlik sohalarida nazariy ta’lim va amaliy tayyorgarlikni uyg‘unlashtirgan stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Muzokaralar jarayonida tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Turkiya Oliy ta’lim kengashi va hamkor universitetlar vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzildi.
Dastlabki kelishuvga muvofiq, yozgi va qishki mavsumlarda har bir yo‘nalish bo‘yicha 7–8 nafar mutaxassis ishtirokida bir oylik stajirovka va malaka oshirish kurslari muntazam o‘tkazib borilishi belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi