Misrning yetakchi farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda
Iyul 21, 2026. 19:45 • 2 daq
• 152
QOHIRA, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Misrning biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqaruvchi yetakchi xususiy farmatsevtika korxonalaridan biri — “Organix Company” rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mamlakatimiz bozorida Misr mahsulotlarini ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniya rahbariyati O‘zbekistonni jadal rivojlanayotgan, investitsiyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitiga ega hamda farmatsevtika sohasida katta salohiyatga ega istiqbolli bozor sifatida baholashini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan “Organix Company” rahbarlari O‘zbekistonda distribyutorlik faoliyatini amalga oshirayotgan mahalliy farmatsevtika kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Qayd etilishicha, kompaniya dastlabki bosqichda o‘z mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish orqali bozor konyunkturasi va iste’mol talabini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Keyingi bosqichda esa olingan natijalardan kelib chiqib, mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yoki zamonaviy texnologiyalarni transfer qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish niyatida.
“Organix Company” 2017-yilda tashkil etilgan bo‘lib, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Misrning jadal rivojlanayotgan xususiy farmatsevtika kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi