“Forschung und Wissen”: O‘zbekistondagi g‘ordan 80 ming yillik noyob buyumlar topildi
Sentabr 23, 2026. 14:55 • 2 daq
• 8
BERLIN, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Forschung und Wissen” nashrida O‘zbekistondagi Obi-Rahmat arxeologik yodgorligidan topilgan qariyb 80 ming yillik buyumlar haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, Toshkentdan qariyb 100 kilometr shimoli-sharqda, Tyan-Shan tog‘larining g‘arbiy qismida joylashgan Obi-Rahmat g‘ori Markaziy Osiyoning muhim paleolit yodgorliklaridan biri hisoblanadi. G‘orda 10 metrdan ziyod madaniy qatlamlar saqlanib, ulardan o‘n ming yillik arxeologik materiallar topilgan.
Xalqaro olimlar tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotda g‘orning eng qadimgi qatlamlaridan topilgan mayda tosh buyumlar zamonaviy usullar yordamida qayta o‘rganildi. Xususan, uchburchaksimon tosh parchalaridagi zarba izlari maxsus mikroskoplar orqali tahlil qilindi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ayrim tosh buyumlar o‘q yoki nayza uchi sifatida ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Vazni ikki grammdan ham kam bo‘lgan ba’zi namunalar o‘lchami va shakli jihatidan og‘ir nayza uchlaridan ko‘ra o‘qsimon qurollarga mos kelishi aniqlangan. Olimlar Obi-Rahmatda kamida uch turdagi qadimgi ov qurollariga tegishli elementlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan.
Maqolada yozilishicha, ushbu topilmalarning yoshi taxminan 80 ming yil deb baholanmoqda. Agar ularning kamon o‘qlari sifatida ishlatilgani kelgusi tadqiqotlarda tasdiqlansa, bu masofadan turib ov qilish texnologiyalarining paydo bo‘lishi haqidagi ilmiy tasavvurlarni kengaytirishi mumkin.
Obi-Rahmatdan aniqlangan tosh qurol uchlari Efiopiyadagi 74 ming yillik o‘xshash topilmalardan qariyb 6 ming yil qadimiyroq bo‘lishi mumkin. Taqqoslash uchun, Fransiyaning Mandrin g‘oridagi shunday namunalar taxminan 54 ming, Shri-Lankadagi topilmalar esa 48 ming yil avvalgi davrga mansub.
Ularning kamon o‘qlari sifatida ishlatilgani tasdiqlansa, bu Markaziy Osiyoda qadimgi ov texnologiyalarining rivojlanish tarixini o‘rganishda muhim dalil bo‘ladi.
Shu bilan birga, mazkur qurollarni aynan kim tayyorlagani hozircha aniq emas. Olimlar texnologiya neandertallar, zamonaviy insonning ilk vakillari yoki boshqa qadimgi aholi guruhlari bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu masala bo‘yicha tadqiqotlar davom ettirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi