Frederik Starr: Temuriylar davri adabiyot, me’morchilik, astronomiya, matematika, tibbiyot, san’at va ta’limning misli ko‘rilmagan yuksalish davri bo‘ldi
Iyun 10, 2026. 08:10 • 3 daq
• 27
VASHINGTON, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. AQShning nufuzli Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti (CACI) saytida dunyoga mashhur ekspert, professor Frederik Starrning “Temuriylar davri madaniyati konteksti haqidagi mulohazalar” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif o‘z maqolasida Timuriylar davri madaniyatini arxitektura, adabiyot, ilm-fan yoki san’at sohalaridagi alohida yutuqlar yig‘indisi sifatida emas, balki jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan yaxlit sivilizasion hodisa sifatida tahlil qilgan.
Professor Starrning ta’kidlashicha, zamonaviy ilm-fan Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod kabi buyuk shaxslar merosini keng o‘rgangan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoning XV asrda dunyoning eng yirik intellektual va madaniy markazlaridan biriga aylanishiga zamin yaratgan omillar hanuzgacha yetarlicha tadqiq etilmagan.
Shu bois muallif Timuriylar davrini alohida yodgorliklar yoki tarixiy shaxslar faoliyati misolida emas, balki Timuriylar Renessansini yagona tarixiy jarayon sifatida kompleks tarzda o‘rganish zarurligini ilgari suradi.
Maqolada qayd etilishicha, Timuriylar davri adabiyot, me’morchilik, astronomiya, matematika, tibbiyot, tasviriy san’at va ta’lim sohalarida mislsiz yuksalish bosqichi bo‘lgan. Biroq mazkur sohalarning ayrim jihatlari hali ham chuqur va har tomonlama o‘rganilmagan.
Xususan, Alisher Navoiyning nafaqat buyuk shoir, balki Hirotdagi keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik ishlarining tashabbuskori sifatidagi faoliyati, shuningdek, Mirzo Ulug‘bekning ta’lim sohasidagi islohotlari alohida e’tiborga loyiqdir. Uning madrasalari aniq fanlarni o‘qitish va rivojlantirishning noyob markazlari vazifasini bajargan.
Muallifning asosiy g‘oyalaridan biri Timuriylar sivilizatsiyasini keng geografik makon doirasida baholash zarurligidir. Professorning fikricha, bu madaniy hudud Xuroson va Erondan Tyan-Shangacha, Afg‘onistondan Xorazmgacha bo‘lgan ulkan mintaqani qamrab olgan.
Shu bilan birga, mazkur sivilizatsiya faqat turkiy va forsiy an’analar asosida emas, balki davlat boshqaruvi, harbiy tizim va siyosiy madaniyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan mo‘g‘ul merosi negizida ham shakllangan.
Professor Starr madaniy yuksalishning iqtisodiy omillariga ham alohida to‘xtaladi. Uning ta’kidlashicha, Timuriylar davlatining dastlabki qudrati zabt etilgan hududlar resurslariga tayangan bo‘lsa, Shohrux Mirzo hukmronligi davrida xalqaro savdo taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylangan.
Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo yo‘llarining qayta tiklanishi mamlakat uchun katta iqtisodiy imkoniyatlar yaratdi. Bu esa masjidlar, madrasalar, kutubxonalar va boshqa madaniy inshootlarni barpo etish uchun keng sharoit tug‘dirdi. Natijada, Hirot va Samarqand islom olamining eng yirik ilm-fan va madaniyat markazlariga aylandi.
Materialda Timuriylar Renessansi bilan Italiya Uyg‘onish davri o‘rtasida ham qiziqarli qiyoslar keltirilgan. Muallifning fikricha, har ikki sivilizasion yuksalish savdo-sotiqning rivojlanishi, homiylik an’analarining shakllanishi va yirik shaharlarda iqtidorli insonlarning jamlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Biroq Timuriylar madaniyati hududiy qamrovining kengligi va Markaziy Yevrosiyoning turli sivilizasion an’analari o‘zaro uyg‘unlashganligi bilan ajralib turadi.
Professor Frederik Starr Timuriylar Renessansini o‘rta asrlar davrining eng muhim madaniy hodisalaridan biri sifatida baholaydi.
Olimning fikricha, mazkur davr yutuqlari iqtisodiy farovonlik, faol xalqaro aloqalar, nisbatan erkin intellektual muhit hamda davlat tomonidan ilm-fan va san’atga ko‘rsatilgan kuchli homiylikning samarasi bo‘lgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi