Tatariston axborot agentligi Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya merosini yoritdi

Iyun 07, 2026. 16:45 • 2 daq

75
Tatariston axborot agentligi Amir Temurning davlatchilik va diplomatiya merosini yoritdi

QOZON, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Tataristonning “Tatar-inform” axborot agentligida Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Agentlikning yozishicha, XIV asr oxiri – XV asr boshlari chuqur siyosiy o‘zgarishlar davri bo‘lib, Amir Temur Hindistondan Yaqin Sharqqacha bo‘lgan keng hududlarni birlashtirishga hamda barqaror boshqaruv tizimiga ega qudratli davlat barpo etishga muvaffaq bo‘lgan.

Amir Temur siyosatda diplomatiyaga alohida ahamiyat bergan. U Yevropa mamlakatlari, jumladan, Fransiya, Angliya va Kastiliya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. 1404-yilda Samarqandga tashrif buyurgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo davlat boshqaruvining yuqori darajada tashkil etilgani, rivojlangan infratuzilma va chet el elchilariga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromni alohida ta’kidlagan.

Maqolada Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarida bayon etilgan davlat boshqaruvi tamoyillaridan ham misollar keltirilgan. Asarda qayd etilishicha, davlat to‘rt ustunga – kengash, muhokama, puxta o‘ylangan reja va qat’iyatga tayangan. Ishlarning o‘ndan to‘qqiz qismi kengash va oqilona choralar bilan, faqat o‘ndan bir qismi esa qilich kuchi bilan hal etilgan. Bu tamoyil diplomatiya va huquqiy qarorlarning harbiy kuchdan ustun qo‘yilganini ko‘rsatadi.

Amir Temur vafotidan so‘ng uning vorislari – temuriylar davlat taraqqiyotini davom ettirib, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalariga alohida e’tibor qaratgan. Bu davr tarixda Ikkinchi Sharq Renessansi sifatida e’tirof etilgan.

Temuriylar sulolasi vakillari orasida buyuk astronom, matematik va davlat arbobi, Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek alohida o‘rin tutadi. Uning eng katta yutuqlaridan biri Samarqandda rasadxona barpo etgani bo‘lib (1420-yillar), u yerda 1000 dan ortiq yulduzning koordinatalari aks ettirilgan mashhur astronomik katalog “Ziji Sultoniy” yaratilgan.

Bugungi kunda Temuriylar merosi bilan O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida tanishish mumkin. Markazda mazkur davrning madaniy va ma’naviy boyligini namoyon etuvchi noyob eksponatlar saqlanmoqda. Ular orasida xattot Umar Aqta tomonidan Amir Temur uchun ko‘chirilgan Qur’oni karimning bir qismi (“Boysung‘ur Qur’oni” nomi bilan mashhur), shuningdek, Qur’on oyatlari va Alloh taoloning 99 ismi bitilgan Boburiylar sulolasiga mansub tumorli kiyim ham mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish