“AjP”: O‘zbekiston Konstitutsiyasida tinchliksevar tashqi siyosat va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari mustahkamlab qo‘yilgan

Noyabr 28, 2026. 11:30 • 2 daq

• 28
“AjP”: O‘zbekiston Konstitutsiyasida tinchliksevar tashqi siyosat va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari mustahkamlab qo‘yilgan

SEUL, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “AjP” gazetasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti sho‘ba mudiri, professor Bahodir Ismoilovning “Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining strategik yo‘naltiruvchisi sifatida” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, bugungi kunda dunyo hamjamiyati transformatsiya davrini boshdan kechirmoqda, geosiyosiy ziddiyatlar keskinlashmoqda. Bunday sharoitda 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston uchun fundamental tayanchga aylanmoqda.

Yangilangan Asosiy qonun ichki demokratik o‘zgarishlarni mustahkamladi va tashqi siyosiy doktrinani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, ochiqlik hamda pragmatizm yo‘lini konstitutsiyaviy normaga aylantirdi.

Nashrda faol tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston 168 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgani alohida qayd etilgan. Toshkentda 47 ta elchixona, 3 ta Bosh konsulxona, 13 nafar faxriy konsul va o‘nlab xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Xorijda esa yurtimizning 60 ta diplomatik va konsullik vakolatxonasi ishlab turibdi. Mamlakatimiz BMT, YEXHT, ShHT, MDH va Turkiy davlatlar tashkiloti kabi 100 dan ortiq xalqaro tuzilmalarga a’zo.

Maqola muallifining ta’kidlashicha, Konstitutsiya tinchliksevar tashqi siyosat va yaxshi qo‘shnichilik asoslarini mustahkamlab, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga sodiqlikni ifodalaydi. U strategiyaning o‘rnini bosmaydi, balki xalqaro vaziyat har qanday o‘zgargan taqdirda ham qaysi maqsadlar o‘zgarishsiz qolishini belgilaydigan mustahkam asosni yaratadi.

“So‘nggi yillardagi asosiy yutuqlardan biri Markaziy Osiyoda siyosiy muhitning tubdan sog‘lomlashtirilishi bo‘ldi. Yangilangan Konstitutsiya bu yo‘lni uzoq muddatli strategik ustuvor vazifa sifatida muhrladi. Chegaradosh davlatlar bilan o‘zaro hurmat asosida do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga intilish yuqori yuridik kuchga ega bo‘ldi”, – deyilgan maqolada.

Yangilangan Konstitutsiya tamoyillar barqarorligini diplomatiya moslashuvchanligi bilan uyg‘unlashtiradi. U O‘zbekiston o‘z mustaqilligini saqlab qolgan holda ko‘p vektorli muloqot olib borishi, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashi va xalqaro hamkorlikni kengaytirishi uchun tegishli doirani belgilab beradi.

Material xulosasida qayd etilishicha, konstitutsiyaviy normalar qo‘shnilar bilan tinch-totuv munosabatlar, yangi iqtisodiy imkoniyatlar, fuqarolarning ishonchli himoyasi va umumiy muammolarni hal etishdagi ishtirok kabi amaliy natijalarda o‘z ifodasini topsagina, Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati muvaffaqiyatli bo‘ladi. Yangilangan Konstitutsiyaning o‘rni ham aynan shundan iborat – u nafaqat huquqiy asos, balki tashqi siyosatning strategik mo‘ljali bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish