“News Network Pakistan”: O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi iqtisodiy munosabatlar asoslarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi

Noyabr 28, 2026. 10:30 • 2 daq

• 22
“News Network Pakistan”: O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi iqtisodiy munosabatlar asoslarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi

ISLOMOBOD, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “News Network Pakistan” onlayn nashrida “Yangi Konstitutsiya – iqtisodiy erkinlik va inson farovonligining huquqiy kafolati” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumida qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiy munosabatlarning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘lgani ta’kidlangan. Unda xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik va iqtisodiy faoliyat erkinligi, halol raqobat, iste’molchilar huquqlarining ustuvorligi hamda yerga xususiy mulk huquqini qonunda belgilangan shartlarda e’tirof etish kabi kafolatlar yanada aniq ifodalandi.

Eng muhimi, yangi Konstitutsiya iqtisodiy erkinlikni faqat tadbirkorlik subyektlarining manfaati sifatida emas, balki insonning munosib hayot kechirishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va farovonligini oshirishning muhim sharti sifatida mustahkamladi.

Shuningdek, materialda Konstitutsiyaning 65-moddasi davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyatini belgilashi ta’kidlangan. 67-modda esa O‘zbekiston hududida yagona iqtisodiy makon, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi uchun konstitutsiyaviy asos yaratadi.

Yangi Konstitutsiyadagi muhim yangiliklardan biri yerga xususiy mulk huquqini qonunda belgilangan shartlar asosida e’tirof etishdir. Konstitutsiyaning 68-moddasiga muvofiq, yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik hisoblanadi.

O‘zbekistonning yangi Asosiy qonuning iqtisodiy sohadagi ahamiyati, eng avvalo, insonning mulkdor, tadbirkor, investor yoki iste’molchi sifatidagi huquq va qonuniy manfaatlarini yagona konstitutsiyaviy tizim asosida himoya qilishga qaratilganida namoyon bo‘ladi.

“Zero, konstitutsiyaviy islohotlarning haqiqiy natijasi faqat yangi huquqiy normalarning qabul qilinishi bilan emas, balki ularning insonlar hayotidagi aniq o‘zgarishlarda namoyon bo‘lishi bilan o‘lchanadi. Mulkdorning o‘z mulki daxlsizligiga ishonchi, tadbirkorning teng sharoitlarda faoliyat yuritishi va iste’molchining buzilgan huquqini samarali tiklay olishi iqtisodiy erkinlikni real farovonlikka aylantiradi”,– deb yozilgan “News Network Pakistan” maqolasida.



Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish