Donald Tramp Eronning elektr stansiyalari va ko‘priklariga zarba berish bilan tahdid qildi
Iyul 15, 2026. 14:00 • 3 daq
• 125
VASHINGTON-TEHRON, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Trampning maʼlum qilishicha, agar Tehron muzokaralarni qayta boshlashga rozi bo‘lmasa, Vashington kelasi haftadayoq Eron elektr stansiyalari va ko‘priklariga zarba berishi mumkin, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda prezident Oq uydagi situatsion xonada maʼmuriyat va harbiy rahbariyatning asosiy vakillari bilan AQSHning Eronga nisbatan keyingi strategiyasi muhokama qilingan yig‘ilishdan so‘ng “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Muzokaralar Eron tomonidan berilayotgan javob zarbalari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi qarama-qarshiliklar fonida o‘tkazildi.
“Kelasi hafta ular uchun ahvol juda yomon bo‘ladi. Endi navbat elektr stansiyalari va ko‘priklarga keldi. Ularning barcha elektr stansiyalarini yo‘q qilamiz. Agar ular muzokaralar stoliga o‘tirmasa, biz ularning barcha ko‘priklarini yakson qilamiz”, – dedi Donald Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika vakillari kecha tunda Eron tomoniga ultimatum shaklidagi ogohlantirishni yetkazgan.
“Yaxshisi, kelishuv tuzing, aks holda sizda hech narsa qolmaydi”, – dedi AQSH Prezidenti va harbiy operatsiyani davom ettirish bo‘yicha yakuniy qaror o‘zida qolishini qo‘shimcha qildi: “Men bas, demagunimcha operatsiya davom etadi”.
Deyarli bir vaqtning o‘zida AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronga qarshi zarbalarning yangi bosqichi boshlanganini eʼlon qildi. Qo‘mondonlik bayonotida aytilishicha, operatsiya Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga hujum qilish uchun foydalanadigan imkoniyatlarini yana-da zaiflashtirishga qaratilgan.
AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Yaqin Sharqdagi qo‘mondoni admiral Bred Kuperning taʼkidlashicha, Eron fuqarolik kemalariga ataylab hujum qilgan, buning oqibatida tijorat kemalari ekipajining o‘nga yaqin aʼzosi halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan.
Shu bilan birga, Eron Bahrayn, Iordaniya va Quvaytdagi Amerika harbiy obyektlariga zarbalar berilganini maʼlum qildi. Islom inqilobi posbonlari korpusi AQSHning boshqaruv, moddiy-texnik taʼminot obyektlari va harbiy infratuzilmasiga hujum qilganini bildirdi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Amerika yovuzligiga chek qo‘yilmaguncha yopiq qolishidan ogohlantirdi.
O‘z navbatida, Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy Vashingtonning Eron portlarini dengiz orqali qamal qilishni qayta tiklashi avval erishilgan kelishuvlarni amalda yo‘qqa chiqarganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron harbiy va iqtisodiy bosim ostida muzokaralarga qaytmaydi.
Avvalroq, Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan har bir kemadan 20 foizlik yig‘im undirilishini eʼlon qilgan edi. Biroq keyinchalik u o‘z taklifidan voz kechdi. Uning aytishicha, Ko‘rfaz mamlakatlari rahbarlari bilan muzokaralardan so‘ng ushbu tashabbusni keng ko‘lamli savdo va sarmoyaviy bitimlar bilan almashtirishga qaror qilgan. Shu bilan birga, Prezident AQSHning Eron portlarini qamal qilishi o‘z kuchida qolishini tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi