Ilhom Aliyev: Qorabog‘ni tiklashda birinchi yordam O‘zbekistondan keldi
Iyul 14, 2026. 13:00 • 3 daq
• 152
BOKU, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Kecha Prezident Ilhom Aliyev IV Shusha Global media forumining ochilish marosimida so‘zga chiqib, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish Ozarbayjon uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini taʼkidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich bilan shaxsiy do‘stligimiz bu munosabatlarni yana-da yuqori bosqichga olib chiqdi. Qorabog‘ni tiklashda bizga birinchi bo‘lib O‘zbekiston Prezidenti yordam berganini alohida taʼkidlayman. Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi ko‘rkam va katta maktab qurildi hamda biz Shavkat Miromonovich bilan birgalikda ushbu maktabni ochdik. Shundan so‘ng bizga boshqa qardosh davlatlar - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston ham sovg‘alar taqdim etdi. Lekin birinchi yordam aynan O‘zbekistondan keldi”, – dedi Ozarbayjon yetakchisi.
Prezident Ilhom Aliyev ikki mamlakatni juda chuqur tarixiy rishtalar bog‘lab turishi hamda O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etdi. Ozarbayjon rahbari O‘zbekistonning birodarlik missiyasi faqat maktab bilan cheklanib qolmaganiga eʼtibor qaratdi. Xonkendi shahridagi birinchi yirik sanoat korxonasi – tikuvchilik fabrikasi ham aynan o‘zbek sarmoyasi hisobidan ochildi.
“Ko‘plab iqtisodiy va sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularga ham Ozarbayjon, ham O‘zbekiston sarmoyalari kiritilmoqda. Biz ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan qo‘shma investitsiya fondini tuzdik. Mazkur investitsiya fondi O‘zbekiston va Ozarbayjonda turli loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanmoqda. Bugun Ozarbayjonning SOCAR neft kompaniyasi O‘zbekistondagi muhim konni qidirishga sarmoya kiritmoqda va yaqin kelajakda yaxshi xabarlar eshitishga ishonamiz. Chunki bugungi kunda energetika xavfsizligi, ayniqsa, gaz taʼminoti masalalari ko‘plab mamlakatlar uchun muhim ahamiyatga ega va “Ustyurt” konidagi qidiruv ishlari yaxshi natijalar berishiga ishonaman”, – dedi Ozarbayjon Prezidenti.
Ozarbayjon rahbari “Ozarbayjon – Markaziy Osiyo” formati tashkil etilganiga alohida to‘xtalib, bunda ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuksak xizmatlari va o‘ziga xos o‘rni borligini taʼkidladi. “Ozarbayjon allaqachon ushbu Maslahat kengashiga to‘laqonli aʼzo sifatida qo‘shildi. Meni ikki marta sammitlarga faxriy mehmon sifatida taklif qilishdi. Oxirgi marta tashkil etilgan uchrashuvda yagona “Ozarbayjon – Markaziy Osiyo” Maslahat kengashi tuzildi. Bu bizda katta g‘urur va quvonch uyg‘otadi. Aytishim mumkinki, bu noyob hodisa, chunki geografik jihatdan biz Janubiy Kavkazda joylashganmiz. Biroq madaniy, tarixiy va etnik aloqalar shunchalik mustahkam, siyosiy munosabatlar esa shu qadar ko‘p qirraliki, Markaziy Osiyodagi do‘st mamlakatlar bizni qabul qilishga qaror qildi”, – dedi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon davlat rahbarining fikricha, bunday munosabatlar bugungi kunda geosiyosiy va geoiqtisodiy munosabatlarga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Chunki shu tariqa Markaziy Osiyo Ozarbayjon bilan yagona iqtisodiy va siyosiy makonda birlashadi.
Taʼkidlanganidek, “Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra bilishi va strategik qarashlari bu borada juda muhim ahamiyat kasb etdi”.
“Qardosh o‘zbek xalqi va davlati Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida muvaffaqiyatli tarzda va ishonch bilan olg‘a borayotgani eʼtirofga loyiq”, – deya so‘zini yakunladi Ozarbayjon Prezidenti.
Ozarbayjon Prezidentisaytidan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi