Global Times” gazetasi: Toshkent xalqaro investitsiya forumi global hamkorlik xabiga aylandi

Iyun 20, 2026. 18:00 • 2 daq

58
Global Times” gazetasi: Toshkent xalqaro investitsiya forumi global hamkorlik xabiga aylandi

PЕKIN, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Xitoyning yetakchi ingliz tilli nashrlaridan biri — “Global Times” gazetasi sahifasida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Investitsiyaviy barqarorlik: yangi ufqlar va yangi sheriklik” mavzusida o‘tkazilgan TXIF-2026 doirasida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchilar jam bo‘lgani va bu anjuman mintaqadagi eng yirik iqtisodiy platformaga aylangani alohida qayd etilgan.

Nashrda O‘zbekiston Prezidenti forumning ochilish marosimidagi nutqida investorlar uchun yanada ishonchli huquqiy kafolatlar yaratish, yuqori texnologiyali tarmoqlarni ochish hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi investitsiya markazi sifatidagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berganiga e’tibor qaratilgan.

Gazetada yozilishicha, O‘zbekiston hukumati tomonidan ilgari surilgan ushbu strategik qarashlar forum ishtirokchilari, xususan, biznes va akademik doira vakillari tomonidan yuqori baholandi. Anjuman doirasida Xitoyning O‘zbekiston uchun ajralmas va ishonchli sherik ekanligi yana bir bor e’tirof etildi.

Forum arafasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Xitoy va Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlatlari o‘rtasidagi investitsiyaviy muloqot chog‘ida Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkori ekani alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda xitoy sarmoyasi ishtirokidagi 5600 dan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan to‘qqizta qo‘shma sanoat zonasi mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport hajmini oshirishda yuqori samaradorlik ko‘rsatayotgan platformalarga aylandi.

Toshkentda bunday yuqori darajadagi nufuzli tadbirning tashkil etilishi turli mamlakatlar hukumat rahbarlari va transmilliy kompaniyalar yetakchilarini investitsiya sohasidagi eng dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun yagona muloqot maydoniga muvaffaqiyatli jamlay olgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi, deb xulosa qilinadi “Global Times” nashrida.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish